Shirin so'z - jon ozig'i
Joriy yilning 23 - sentabr kuni 4-TTJda universitet psixologi M.K.Muxamedova TTJ direktori B.Shavkarov tashabbusi bilan ?G'iybat-eng og'ir gunoh? mavzusida tadbir tashkil etdi. Tadbirda GTS fakulteti 1-2-3-kurs talaba qizlari, GTS fakulteti tyutori D.Xursandovalar?ishtirok etishdi. Tadbirda shirin so'zga nisbatan inson reaktsiyasi, qo'pol so'z va g'iybatning farqi va ushbu so'zlarning inson psixikasiga qay darajada ta'sir etishi haqida so'z yuritildi.
Insonda sarflagani bilan tugamaydigan xazina shirin so'z ekani va har bir inson og'zidan chiqqan so'zi uchun mas'ul ekani, odamlar zohiran gurung shaklidagi g'iybatlarning botiniy olamda nomai a'moliga gunoh bo'lib bitilayotganidan g'ofil bo'layotganlari, oilada yoki insonlar orasidagi noxushliklar ko'pincha qo'pol so'z oqibatida sodir bo'lishi, buning aksicha, ko'pgina muvaffaqiyatlarning omili shirin so'zligi, til insonning jisman eng kichik, ammo mas'uliyat va vazifasi jihatidan katta e'tiborga loyiq a'zosi ekani, uni faqat xayrli, yaxshi muomalada ishlatish va yomon, dilozor so'zlarni aytishdan saqlash lozim va muhim ekani haqida yig'ilish ishtirokchilariga tushuncha berildi.
Islom dinida tilga bu qadar katta e'tibor berilishining boisi, tilning qalbga yaqin ekani, qaysi bir insonning qalbi pok va sof bo'lsa, uning tilidan bol tomib, shirin gaplar chiqishi, til orqali sodir qilinishi mumkin bo'lgan g'iybat, chaqimchilik, tuhmat va yolg'on guvohlik berish kabilar bilan insonlar o'rtasidagi mehr-muhabbat poydevori darz ketishi, yemirilishi mumkinligi, yaxshi muomala barcha insonlarning ko'rki va ziynatini oshirishi, qayerda husni muomala bo'lmasa, o'sha yerda albatta xato va kamchiliklar sodir bo'lishi haqida so'z yuritildi.
Tadbir ishtirokchilarga qiziqarli bo'lishi uchun "Sizning g'iybatga moyilligingiz" mavzusida so'rovnoma olindi va natijalari muhokama qilindi. Tadbir davomida yig'ilish ishtirokchilariga diniy, dunyoviy va ilmiy tomondan berilgan qiziqarli ma'lumotlar ma'qul kelish bilan birga, juda qattiq ta'sir etdi. "Shuni ta'kidlashni istardik, inson boshqalarga beradigan nasihatiga avvalo o'zi amal etishi lozim. Insonning so'zi bilan amali bir bo'lsagina u hurmat va e'tiborga sazovor bo'ladi", degan jumla bilan tadbir nihoyasiga yetdi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti
"TIQXMMI" MTU matbuot xizmati