TIQXMMI yangiliklari

img
25.09.2022

Sayohat zamiridagi ziyorat

     Joriy yilning 23-24-25 - sentabr kunlari "TIQXMMI" MTU rahbariyati tashabbusi bilan ichki turizmni rivojlantirish va xodimlar o'rtasida mustahkam do'stlik aloqalarini o'rnatish maqsadida Buxoroi sharifga sayohat tashkil etildi. Sayohatga universitetimizning turli bo'limlarida xizmat qiladigan bir guruh professor o'qituvchi va xodimlar 23 - sentabr kuni kech soat 22:30 da Toshkent Olot yo'nalishidagi poyezdda Buxoroga yo'l olishdi.  Barcha sayohatchilar ikki kun davomida Buxoroi sharifning qadimiy qadamjolariga tashrif buyurishib ma'naviy, madaniy ozuqa olishib, yillar davomida to'planib qolgan charchoq va zo'riqishlardan xalos bo'lgan holda maza qilib sayohat qilishdi.

    Sayohatning ilk kunida xodimlarimiz yetti pirning biri bo'lmish Bahovuddin Naqshbandiy ziyoratgohiga tashrif buyurishib, o'tganlar ruhiga duolar o'qishib, qalblarini poklab, pozitiv ruhiyatga sozlanishib, "TIQXMMI" MTU qoshidagi Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutiga tashrif buyurishdi. Institut rektori Sh.Imomov barcha universitetimiz xodimlarini ochiq chehra bilan qarshi olib, qo'l ostidagi xodimlari bilan birgalikda oliygohda tashkil etilgan shart - sharoitlar bilan tanishtirib o'tishdi. Barcha xodimlarimiz o'z bo'limlariga tegishli bo'lgan xodimlar bilan tajriba almashtirish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Shundan so'ng sayohatchilar "Sitorai mohi-xossa" xalq amaliy bezak san'at muzeyiga tashrif buyurishib moziy bo'ylab sayohat qilish imkoniga ega bo'ldilar.

    Sayohatning ikkinchi kuni Buxoroning eski shahar qismida joylashgan jamiki tarixiy obidalarni ko'rish va ziyorat qilish uchun piyoda sayr uyushtirildi. Sayohat davomida mehmonxona va restoranlar xizmati yuqori saviyada tashkil etildi. Barcha xodimlarimiz uyushtirilgan sayohatdan olam-olam zavqqa to'lishgan, samarali ishlash uchun kuch-quvvat yiqqan holda, sayohat yakuniga yetdi. Jon Steynbek: Odamlar sayohatlarni yaratishmaydi, sayohatlar odamlarni yaratadi? degan fikri naqadar to'g'ri ekaniga sayohat davomida guvoh bo'ldik. Aslini olganda, sayohatlar inson shaxsini shakllantirishning muhim omili hisoblanadi. O'zimiz sezmagan holda, kilometrlarni bosib o'tib, yangi narsalarni kashf qilamiz va eng keragi bir-birimizni yaqindan tanishga, xarakterlarimizni o'rganishga imkoniyat tug'iladi.

    An'analar, urf-odatlar, qarashlar, madaniyat... Biz ma'nan yuksalamiz, sababi har bir sayohatimiz bir romandek! Sayohatga chiqqan barcha xodimlar bunday sayohatlar ko'proq uyushtirilsa xodimlarning mehnat faoliyatiga ijobiy ta'sir ko’rsatishini ta'kidlashib, sayohatni uyushtirishga yordam bergan rahbariyatga o'z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.

Universitet kasaba uyushmasi qo’mitasi va universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

"TIQXMMI" MTU matbuot xizmati