TIQXMMI yangiliklari

img
17.01.2024

Jon Vatan g‘oyasi – jon va tan himoyasidir

          Har qanday mamlakatning ustuvorligi uchta ustunga tayanadi. Bular - ma’naviyat, moddiyat va harbiy qudratdir. Ona vatanimiz osmonining musaffoligi, xalq osoyishtaligi, mamlakatimiz sarhadlari va yurtimiz tinchligi bevosita vatan posbonlarining shijoati, ogohligi hamda g‘ayrat – shijoatiga bog‘liq.  Prezidentimizning O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi va “Vatan himoyachilari kuni“ bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida  xalq va armiyaning birligi, mushtarak maqsadlarning amalga oshuvi Yangi O’zbekistonnning shukuhini belgilovchi mezon ekani, «Xalq va armiya – bir tanu bir jondir» degan ezgu g‘oya asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, harbiy qurilish sohasini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar ulug‘ maqsadlarga qaratilgani xususida so‘z bordi.

        Albatta, mana shunday tinch, osoyishta, farovon kunlarga o‘z-o‘zidan erishilmaganligi barchamizga ma’lum. O’tgan qisqa davr ichida bugungidek professional armiya darajasiga ko‘tarish davlatimiz tomonidan uzoqni ko‘zlab, tizimli olib borilayotgan strategik islohotlarning yorqin samarasi va ayni paytda Prezidentimizning uzoqni ko‘zlovchi strateg sifatidagi qat’iy pozitsiyasi va siyosiy irodasi bilan chambarchas bog‘liqdir.

       Ana shu qutlug‘ sana munosabati bilan bugun “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Madaniyat saroyida «Yangi O’zbekiston armiyasi - mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!» shiori ostida tantanali ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

        O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 32 yilligi va “Vatan himoyachilari kuni” shodiyonasiga bag‘ishlangan tadbir universitet rektori, professor Mirzayev Baxodir Suyunovichning samimiy tabrigi bilan boshlandi. M.Muhammedova rahbarligidagi iqtidorli talabalardan tarkib topgan Xor jamoasi ijrosida "Bayrog‘ing boshingda hilpirar" qo‘shig‘i bilan davom etdi.

          So‘ngra Milliy gvardiya askarlarining jangovar chiqishlari, Mudofaa vazirligining ashula va raqs ansambli ishtirokida jozibador sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi “G’uncha” raqs ansambli ijrosida “O’zbekiston” hamda “Andijon polkasi” raqsi ishtirokchilarga yuqori kayfiyat baxsh etdi. Ayniqsa, Xotin - qizlar kengashi a’zolarining “Leytenant” qo‘shig‘i ijrosi xaqiqiy sensatsiyaga aylandi. Tadbir davomida “Nihol” mukofoti sovrindori, O’zbekiston Respublikasi lazgi ansambili filarmoniyasi yakkaxon xonandasi  Dilmurod Otajonov hamda “Surxon” guruhi davraning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakultetining moderatorligida tashkil etilgan  ushbu tadbir barcha ishtirokchilariga xushnudlik baxsh etdi.

        Shu bilan birga, bugungi kunda dunyoda va yon-atrofimizda yuz berayotgan murakkab va oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan jarayonlarning barchasi bugungi kunda hammamizdan yuksak darajadagi hushyorlik va ogohlikni, chegaralarimizda keskinlikni keltirib chiqarishga qaratilgan urinishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy choralarni ko‘rishni, mamlakatimizga qarshi qaratilgan har qanday tajovuzkor xurujlarga Qurolli Kuchlarimizning o‘z vaqtida va munosib zarba berish qobiliyatini ta’minlashga doimo tayyor turishimizni talab etmoqda. Shunday ekan, Jon Vatan g‘oyasi – jon va tan himoyasi kabi aziz va muqaddas ekanligini aslo, unutmaslik zarur.

Rahimboy Jumaniyozov,

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati rahbari, professor