O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar davlat muzeyiga sayohat
Ma'lumki, har bir davlatning qurolli kuchlari va himoyachilari bo'ladi. Vatan himoyasi oliy burchdir. 1993 yildan boshlab 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Shu kundan boshlab har yili respublikamizda “Vatan himoyachilari kuni” e'tibor bilan kutiladi. Ushbu kun munosabati bilan, joriy yilning 10 yanvar kuni "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti “Energetika” fakulteti 1-kurs talabalari bilan “Energetika” fakulteti tyutori D.Xudoynazarovalar O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar davlat muzeyiga tashrif buyurishdi.
Ushbu muzey 1965 yilda tashkil topgan. Muzey ekspozitsiyasi Qurolli Kuchlar tarixi, Markaziy Osiyo xalqlari harbiy san'ati, shu bilan birga O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari rivojlanishining hozirgi davrini aks ettiradi. Shuningdek, muzeyda buyuk sarkarda Amir Temurga bag'ishlangan alohida “Temuriylar davri harbiy san'ati“ ekspozitsiyasi ham mavjud. Bu yerda harbiy yurishlar xaritalari, askarlar saflanishining sxemalari, qurol-aslahalar, nishonlar va Temuriylar davrining boshqa eksponatlari o'rin olgan. O'zbekiston xalqining ikkinchi Jahon urushida ishtirokiga bag'ishlangan ekspozitsiya ham mavjud. “Mustaqil O'zbekistonni qo'riqlash“ ekspozitsiyasida qo'shin turlari, harbiylar hayoti, ularning jangovar va harbiy-siyosiy tayyorgarligi haqida ma'lumotlar olish mumkin.
Tashrif davomida talabalar muzeydagi harbiy eksponatlar bilan yaqinda tanishib, Davlatimizning harbiy salohiyati va uning jangovar qudrati hamda yurtimiz posbonlari haqida qiziqarli ma'lumotlarga ega bo'ldilar. Talabalarning e'tirof etishlaricha, bu tashrif kishida Vatan himoyachilarining xizmatlari nechog'lik xatarli bo'lishi bilan bir qatorda o'z vaqtida mas'uliyat hamda yuksak sharafli ekanini his qilishga yordam beradi. Shuningdek, ularda Davlatimizning qudratiga nisbatan ishonch hissini hamda yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi kabi ne'matlarni chuqur anglab yetishga undaydi.
Ekskurtsiya so'ngida talabalar muzey yonida esdalik uchun suratga tushdilar.
Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi yo'lida jonini ham ayamaydigan mard o'g'lonlarimiz hamisha omon bo'lishsin! Yaqinlashib kelayotgan bayramingiz muborak bo'lsin, mard va jasur Vatan himoyachilari!
“Energetika” fakulteti tyutori D. Xudoynazarova axboroti
Universitet matbuot xizmati