Qalbimda kuy bo'lib taralgan diyor
Joriy yilning 10 yanvar kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti psixologi va Xor jamoasi rahbari M.K.Muhammedova Xor jamoasi vakillari bilan birgalikda yaqinlashib kelayotgan “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Armiya va xalq – bir tanu bir jon” mavzusida ikki qism doirasida tadbir tashkil etdi. Tadbir talabalarning darsdan keyingi bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va jamoa ishtirokchilarida Vatanga, oilaga, oliygohga nisbatan bo'lgan mehr –muhabbatni kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Yig'ilishda bugungi kunda dunyoning turli joylarida keskin tus olayotgan vaziyatlar, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavf-xatarlari barchamizni ogoh bo'lishga chaqirishi va Qurolli Kuchlarimizdan esa yuqori darajadagi jangovar qobiliyatni mustahkamlashni talab etishi hamda so'nggi yillarda davlatimizda harbiy-siyosiy masalalarda ham tubdan islohotlar amalga oshirilib, milliy armiyamiz har qanday tahdidlarga munosib zarba beradigan jangovor qudrati yildan yilga oshib borayotgani, bundan tashqari, har bir harbiy xizmatchining bilimi, malakasi hamda ruhiy tayyorgarligi oshirilib borilayotgani to'g'risida so'z yuritildi. Yig'ilish ishtirokchilari “Vatan himoyachilari” haqida she'rlar o'qishdi. Tadbirning ikkinchi qismida bir necha ovoz sozlash uchun mo'ljallangan mashg'ulotlar o'tilgach, “Vatan himoyachilari” kuniga bag'ishlangan qo'shiqlarni sayqallangan tarzda ijro etishga mo'ljallangan darslar o'tkazildi. Barcha ishtirokchilarga o'tilgan dars zavq shavq bag'ishladi. Tadbirda “Gidrotexnika qurilishi” va “Gidromelioratsiya” fakulteti tyutorlari D.Xursandova va D.Axrarovalar ham faol ishtirok etishib o'z fikr va mulohazalari bilan o'rtoqlashib o'tishdi. Ko'tarinki kayfiyatda tadbir nihoyasiga yetdi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti
“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati