TIQXMMI yangiliklari

img
07.12.2023

Universitetimiz vakili Ispaniyaning Barselona shahrida Oliy ta’lim islohoti bo’yicha ekspertlar konferensiyasida ishtirok etdi

2023 yil 4-5 dekabr kunlari Ispaniyaning Barselona shahrida dunyo OTMlari top-200 talik reytingida turuvchi Ispaniyaning Barselona universitetida “Ta’sir uchun oliy ta’lim siyosati islohoti/Higher education policy reform for impact” mavzusida Oliy ta’lim islohoti bo’yicha ekspertlar (HERE) an’anaviy konferensiyasi bo’lib o’tdi.

Mazkur konferensiyada “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Xalqaro reyting faoloyatini monitoring qilish bo’limi boshlig’i, Geodeziya va Geoinformatika kafedrasi assistenti, Oliy ta’lim islohoti bo’yicha ekspert Ilxom Abduraxmanov ishtirok etib, O’zbekiston nomidan “Xalqarolashtirishda innovatsiya va ta’limni raqamlashtirish hamda uning natijalari” mavzusida taqdimot qildi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi oliy taʼlim sohasidagi islohotlarni ragʻbatlantirish va taraqqiyotni ta'minlash uchun sifatni oshirish, islohotlarning uch bosqichli tizimini taqdim etishdan iborat. 

Oliy taʼlim islohoti bo’yicha ekspertlar (HERE) Yevropa Ittifoqiga qoʻshni davlatlar hukumatlari tomonidan tayinlanadi va Yevropa Komissiyasi tomonidan oliy taʼlim islohotida katalizator rolini oʻynash uchun tayinlanadi. Mazkur oliy taʼlim islohoti bo’yicha ekspertlar Yevropa Ittifoqiga qoʻshni mamlakatlardagi (Janubiy Oʻrta Yer dengizi, G'arbiy Bolqon, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo) universitetlar, vazirliklar, milliy oliy taʼlim agentliklari, talabalar uyushmalari va boshqa tegishli tashkilotlarning mutaxassislaridan tashkil topgan.

SPHERE loyihasi Yevropa Komissiyasi nomidan OBREAL tashkiloti va Yevropa Universitetlar Assotsiatsiyasi (EUA) tomonidan ilgari surilgan tashabbusdir. SPHERE (Oliy taʼlim islohoti boʻyicha ekspertlarni markazlashtirilgan holda qoʻllab-quvvatlash) loyihasi HERE uchun treninglar oʻtkazish, shuningdek, oʻz mamlakatlarida, Yevropa Ittifoqi va Yevropa oliy taʼlim zonasida oliy taʼlim siyosati tendensiyalari haqida maʼlumot olish va muhokama qilish imkoniyatini beradi. Shu nuqtai nazardan, HERE an’anaviy konferensiyasi jamiyatni qurish, hamkorlik aloqalarini o'rnatish, tajriba almashish va mulohaza yuritish uchun kerakli va muhim imkoniyat hisoblanadi.

Konferensiyaning barcha trening mavzulari dunyo mamlakatlarining ta'limga doir ehtiyojlarini chuqur baholashga asoslangan.

2023 yilgi an’anaviy konferensiyaning maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:

  • 2023 yilda SPHERE shartnomasini qayta ishga tushirish, xususan, belgilangan siyosat mavzulari hamda tashkil etilgan tadbirlar va ularning turlari bilan bog'liq fikr yuritish va baholash uchun muhit yaratish;
  • oliy taʼlimda yashillashtirish (greening) mavzusiga alohida eʼtibor qaratish, SPHERE loyihasiga Yevropa Komissiyasi tomonidan soʻralgan tadqiqotning dastlabki natijalarini taqdim etish va muhokama qilish;
  • HERE jamoasining yillik ish rejalari bilan bog‘liq bo‘lgan joriy islohot ustuvorliklari uchun ma’lumot va amaliyot almashish maydonini, shuningdek, ushbu islohotlar bilan bog‘liq Yevropa Ittifoqining tegishli loyihalarini ilgari surish uchun muhit yaratish;
  • 2024 yilgi SPHERE ish rejasini va umumiy mavzuni ishlab chiqish hamda HEREning qiziqishlari va ehtiyojlarini baholash.

Trening davomida Ilxom Abduraxmanov Tunis, Moldova, Iordaniya, Kosovo, Montenegro, Marokash, Jazoir, Qozog’iston, Turkmaniston va Qirg’iziston davlatlaridan ishtirok etgan ekspertlar bilan turli yo’nalishda hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilishga erishdi.

Ushbu konferensiyadagi ishtirok qatnashchilarini o'z mamlakatlarining oliy tizimida ijobiy tashabbuslarni ilgari surishlariga ilhomlantiradi.

Universitet matbuot xizmati