TIQXMMI yangiliklari

img
02.12.2023

Vengriyalik talabalar akademik almashinuv dasturini muvaffaqiyatli tamomladilar

Ma’lumki, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti va Vengriyaning bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari, xususan Obuda universiteti o’rtasida bir necha yillardan beri mustahkam xalqaro hamkorlik aloqalari amalga oshirib kelinmoqda.

Obuda universiteti bilan dastlab Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Tempus dasturining GE-UZ «Geoinformatika: O‘zbekistonda barqaror rivojlanishga erishish” loyihasi, keyinchalik ushbu loyihaning mantiqiy davomi sifatida Erasmus+ «DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura» loyihasi amalga oshirildi. Mazkur loyihalar doirasida dastlab Geoinformatika bo’yicha yangi magistratura mutaxassisligi va keyinchalik doktorantura ixtisosligi yo’lga qo’yildi.

«TIQXMMI» MTUda Obuda universiteti bilan hamkorlikda Erasmus+ dasturining Oliy ta'limda salohiyatni oshirish bo‘yicha loyihalari doirasida nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Geoinformatika qo‘shma tadqiqot markazi” tashkil etildi.

Bugungi kunda Obuda universiteti bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining Xalqaro kredit mobillik dasturi doirasida yana bir loyiha amalga oshirilmoqda. Joriy yilning sentyabr oyi boshida ushbu mobillik loyihasi doirasida 2 nafar Obuda universiteti talabasi Geodeziya va geoinformatika yo’nalishi bo’yicha bakalaviaturada 1 semestr o’qishni davom ettirish uchun «TIQXMMI» MTUga kelgan edi. Mazkur talabalar “Geoinformatika qo‘shma tadqiqot markazi”da tahsil olib, ushbu mobillik dasturini muvaffaqiyatli tamomladilar va bugun ularga bu bo’yicha rasmiy sertifikatlarni topshirish tadbiri bo’lib o’tdi.

Tadbirda O’quv ishlari bo’yicha prorektor Baxtiyor Xudayarov, Yer resurslari va kadastr fakulteti dekani Sharofiddin Narbayev, Xalqaro hamkorlik bo’limi boshlig’i Sherzod Raxmonov, Xalqaro reyting faoliyatini monitoring qilish bo’limi boshlig’i, universitetning Vengriya OTMlari bilan hamkorlik masalalari bo’yicha mas’ul xodimi va loyiha koordinatori Ilxom Abduraxmanov, Geodeziya va geoinformatika kafedrasi assistenti Ilhomjon Aslanov hamda Xalqaro hamkorlik bo’limining boshqa xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirni universitet O’quv ishlari bo’yicha prorektori Baxtiyor Xudayorov iliq qutlov bilan boshlab berdi va vengriyalik talabalarni o’qish davomidagi muvaffaqiyat va faolliklari bilan tabriklab, tashriflari uchun minnatdorchilik bildirdi. Talabalar bir semestr davomida 19 kredit to'plab, semestrni muvafaqqiyatli tugatganliklari uchun ularga tegishli sertifikat, ilova va universitetlning esdalik sovg’alari topshirildi.

Universitet rahbariyati talabalarga kelgusi o’qish va ilmiy ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Loyiha koordinatori Ilxom Abduraxmanov axboroti.