TIQXMMI yangiliklari

img
23.11.2021

Hamkorlik natijasi

Nazariya bilan amaliyot uyg‘unligi – bo‘lajak mutaxassislar uchun mustahkam poydevordir! Ta’lim  jarayonida  nazariya  bilan  amaliyotning  birligi  qoidasini  izchillik  bilan amalga  oshirilishi  natijasida  talabalar  o‘quv  materialining  tub  mohiyatini,  tabiat va  jamiyat  taraqqiyoti  qonuniyatlarini  ilmiy  asosda  atroflicha  to‘g‘ri,  chuqur tushunib oladilar  va  kelajakda  amaliy  faoliyatlari  uchuy  zarur  bo‘lgan  mahorat,  ko‘nikma  va malakalarni mukammal egallaydilar.

Yuqorida keltirilgan fikrlarning amaliy natijasi sifatida "Gidromelioratsiya" fakulteti “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi professor-o‘qituvchilarining tashabbusi bilan “EcoDrip” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik mevasi esa kafedra qoshida “EcoDrip” kompaniyasining o‘quv xonasini tashkil etilishida yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘quv xonaning ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi.

 

Institut birinchi prorektori Bahodir Suyunovich Mirzayev tadbirni ochib berarkan, bugungi kunda talabalarning mukammal bilim olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar haqida gapirib, tashkil etilgan “EcoDrip” kompaniyasining o‘quv xonasi ushbu imkoniyatlarning uzviy davomi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng, ochilish marosimiga tashrif buyurgan mehmonlar Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Raximovich Hamroyev, Suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi, Respublikamizdagi barcha irrigatorlarnig ustozi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov, shuningdek, “EcoDrip” kompaniyasining rahbarlari o‘z fikr va tabriklarini yig‘ilganlarga bildirishdi. Rasmiy tasmalar qirqilgandan so‘ng barcha qatnashchilar o‘quv xona bilan tanishishdi. “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasiga qarashli “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishining 4-bosqich talabasi Azizbek Hasanov yig‘ilganlarga ushbu xonaning tashkil etilishi va ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritib, talabalar nomidan tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Bugungi kunda “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasiga tegishli fanlarning amaliyot darslari ushbu xonada bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, kafedra assistenti Sanobar Do‘stnazarova tomonidan olib borilayotgan amaliyot darslarida zamonaviy sug‘orish usullari, ularning tarkibiy elementlarini aniq misollar yordamida tushuntirgan holda mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

TIQXMMI matbuot xizmati