G'alabang muborak "Irrigator"!!!
Olimlarning ta'kidlashicha, kishi kundalik hayotda jismoniy mashqlar, sport o'yinlari, badanni chiniqtiruvchi sport turlari bilan ko'proq shug'ullansa, organizmdagi fiziologik, biologik jarayonlar faollashar ekan. Natijada kayfiyat ko'tarilib, ishchanlik qobiliyati ortadi.
Shubhasiz, bu salomatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini ta'minlash, talaba-yoshlarni sportga keng jalb qilish, ularni bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Toshkent shahar OTM sport klubi terma jamoalari o'rtasida talabalar ligasi doirasida "Sport bizni birlashtiradi" shiori ostida Mini-futbol bo'yicha "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti sport majmuasida o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazildi. Futbol bo'yicha o'rtoqlik uchrashuvida “Irrigator”, “Transportchilar”, “Kimyogar” hamda “Moliyachi” terma jamoalari faol ishtirok etishdi. Ushbu jamoalar o'rtasida kechgan murosasiz bellashuv qizg'in va kurashlarga boy tarzda o'tgani musobaqani yanada tomoshabop bo'lishini ta'minlash bilan birga, jamoalar o'rtasida raqobat ortishiga sabab bo'ldi.
Maydonda to'p surgan “Irrigator” jamoasi vakillari o'ziga xos tarzda chiroyli o'yin ko'rsata olganlari muxlislar olqishiga sazovor bo'ldi. Barcha terma jamoalarni ortda qoldirib peshqadamlikni “Irrigator” jamoasi qo'lga kiritgani juda ham quvonarli holat. Shu o'rinda universitetimiz sport majmuasida talabalarni bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo'yicha etarlicha shart-sharoitlarni yaratib berishgan barcha mas'uliyatli rahbarlarimiz hamda "Jismoniy tarbiya va sport" kafedrasi professor-o'qituvchi va murabbiylariga minnatdorchilik bildiramiz.
G'olib jamoamizga esa keyingi shahar va respublika musobaqalarida ham peshqadam bo'lib, hamisha g'oliblik sururini surib yurishlariga, sport olamida, o'qish va ishlarida hamisha yuksak cho'qqilarni egallab yurishlariga tilakdoshmiz!!!
Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti
TIQXMMI MTU matbuot xizmati