TIQXMMI yangiliklari

img
30.10.2023

Talabalarning islohotlarga qiziqishi

Energetika fakultetida 2023 yil 27 oktabr kuni Axborot soatida soha mutaxassislari va talabalar o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv 3-kurs talabalari hamda fakultet dekani professor A.Isaqov va O’zbekiston Respublikasi Energetika muammolari instituti katta ilmiy xodimi, texnika fanlari doktori Kamoliddin Qodirovlar o‘rtasida munozara shaklida o‘tkazildi.

Uchrashuvning birinchi yarmida K.Qodirov muallifligida Yangi O’zbekiston gazetasining 2023 yil 26 oktyabr sonida chop etilgan “Elektr energiyasi va ijtimoiy me’yor” nomli maqola muhokama etildi. Muallif chop etilgan maqolaning mazmuni va bugungi kunda energetika sohasida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida gapirib o‘tdi va talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi.   

Xalqaro energetika agentligi hisoblariga ko‘ra, O’zbekiston yoqilg‘i energetikaga eng ko‘p subsidiya ajratadigan 25 davlatdan biri, deb topilgan. Aniqroq aytganda, mamlakatimiz ushbu ro‘yxatning 12-o‘rnidan joy olgan. Agentlik hisobotida qayd etilishicha, 2022 yilda O’zbekiston davlat yoqilg‘i energetikasini subsidiyalash uchun 13 milliard dollar yo‘naltirgan. Bu mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 19 foizini tashkil etgani holda, turli manba va vositalar orqali gazni subsidiyalashga 9 milliar dollar, elektr yo‘nalishiga 2 milliard dollar, neftni subsidiyalashga esa 1 milliard dollar yo‘naltirgan.

Uchrashuvning ikkinchi yarmida A.Isaqov O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 2023 yil 26 oktabr kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning energetika bozori regulyatori faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha amalga oshirgan taqdimoti haqida axborot berdi va talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi.  

Qayd etilishicha, rivojlanayotgan iqtisodiyot va aholining o‘sib borayotgan talabini qondirish uchun elektr ishlab chiqarish hajmini kamida 120 milliard kilovatt soatga yetkazish maqsad qilingan. Yangi quvvatlarni ishga tushirish va tarmoqlarni to‘liq modernizatsiyalashga 52 milliard dollar investitsiya zarurligi hisob-kitob qilingan.

Prezidentning shu yil 28 sentyabrdagi «Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, 2026 yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi.

Shu bilan birga, normativ-huquqiy bazani shakllantirish, bozor infratuzilmasini yaratish, energetika tizimini eng quyi bo‘g‘iniga qadar raqamlashtirish, inson omilisiz real vaqtda ishlaydigan aqlli boshqaruv tizimini (SCADA) joriy etish zarur.

Farmonga muvofiq, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tuzildi hamda unga energoregulyator vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024 yil yakuniga qadar uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan.

Prezident energetika bozorini erkinlashtirish jarayonida elektr energiyasini aholiga respublikaning barcha hududlarida 2035 yilga qadar bir xil narxda sotilishi talabiga hamda tariflarni belgilashda ijtimoiy himoya prinsipiga qat’iy rioya etish shartligini ta’kidlagan.

Yangi tizim samarali ishlashi uchun uchta yo‘nalish – kadrlar tayyorlash, tarmoqning ilm-fan bilan uzviyligini ta’minlash va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan.

Uchrashuvda talabalar sohaga oid qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lganligi va sohadagi islohatlarning amalga oshirilishiga a’lo baholari bilan javob berishlarini ma’lum qildi.

 

“Energetika” fakulteti dekan o‘rinbosari I.Buxorov axboroti

Universitet matbuot xizmati