Zamonaviy “ARM”ning tantanali ochilishi
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi PQ-42 sonli qaroriga asosan 400 o‘ringa mo‘ljallangan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetimiz Axborot-resurs markazi mukammal ta’mirlanib, zamonaviy raqamli kutubxonaga aylantirilgani jamoani xushnud etdi.
Bugun ertalab soat 10.00.da Universitetimizda “Axborot resurs markazi”ning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim vazirliklaridan kelgan rektorlar va bir nechta nufuzli mehmonlar ishtirok etishdi.
Dastlabki so‘z universitet rektori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovichga berildi. Rektor o‘z nutqida tashrif buyurgan mehmonlarga minnatdorchilik izhor qilish asnosida ushbu kutubxona maskani – axborot resurs markazining yoshi ham ta’lim muassasamizning yoshi bilan deyarlik teng ekani borasida, keyingi yil uning 90 yoshini nishonlashimiz haqida so‘z yuritdi.
So‘ngra ushbu ARMda xizmat qilgan, rahbarlik qilgan xodimlarning nomlarini birma-bir tilga oldi. Yangi ta’mirlangan ARM zamonaviy innovatsion texnologiyalar bilan ta’minlangani va buning barcha foydalanuvchilar uchun qulayligi hamda imkoniyatlari borasida gapirdi.
So‘ngra O’zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Abdurahmonov Ibrohim Yulchiyevichga so‘z berildi. Vazir juda ko‘p ARMlarni ko‘rgani, bu bunday kitob maskani ta’lim va vatan taraqqiyoti uchun zaruriy ehtiyoj ekani, buni amalga oshirish uchun esa insonda IShTIYOQ bo‘lishi kerakligi haqida fikr yuritib barchani bugungi tadbir bilan qizg‘in tabrikladi.
Keyin esa Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Teshaboyeva Umida Alimdjanova so‘zga chiqdi. U hamkorlikning uzluksiz bo‘lishi barchamiz uchun muhimligini e’tirof etar ekan, Navoiy hazratlarining hech kim ishlatmagan “SUVAYDO” degan so‘zni qo‘llagani, bu esa qalb ko‘zi degan ma’noni berishini uqtirdi. Har bir qalbda ana shu ko‘zning shakllanishi esa ilm, ta’lim, bilim bilan bog‘liq bo‘lgani holda uning har bir dilda huvaydo (paydo) bo‘lishi muqarrarligiga ishora qildi.
So‘ngra yangi ARMning tantanali ochilish ramzi qizil tasma qirqildi. Barcha vazir va rektor boshchiligida ichkariga kirib yaratilgan imkoniyatlar hamda jarayonlar bilan qiziqishdi. Shu o‘rinda ARM haqida muxtasar ma’lumot berib o‘tish o‘rinlidir.
Hozirda Axborot resurs markazining fondida jami 87.035 nomdagi 641.646 nusxada chop etilgan adabiyotlar mavjud.
Ayni damda Axborot resurs markazi fondida mavjud adabiyotlar to‘la-to‘kis raqamlashtirildi, foydalanuvchilarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida universal IRBIS 64+ avtomatlashtirilgan axborot kutubxona tizimi joriy etildi hamda ID karta va Face ID orqali foydalanuvchilarning kirib chiqishini nazorat qiluvchi turniketlar o‘rnatildi. Shuningdek, zamonaviy tipdagi 200 tadan ortiq (Core i7) kompyuterlar va planshetlar hamda imkoniyati cheklangan talabalarga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus qo‘shimcha vositalar bilan ta’minlandi.
Shu bilan birgalikda, foydalanuvchilar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida Axborot resurs markazimiz Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi bazasi bilan hamda bir nechta xorijiy universitetlar kutubxonalari bazalari bilan integratsiya qilindi. Bu orqali professor-o‘qituvchilar va talabalarga u yerdagi mavjud adabiyotlardan erkin foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Endilikda zamonaviy rusumdagi texnologiyalar bilan ziynatlangan Axborot resurs markaziga kirish, foydalanish ham maxsus elektronlashtirilgani ahamiyatga molik.
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati