TIQXMMI yangiliklari

img
14.10.2023

Bugunning qizlari

Joriy yilning 13oktabr kuni "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy  tadqiqot universiteti Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Z.Ismoilova, universitet psixologi M.K. Muhammedova, Oliy toifali yurist, huquqshunos P.Hayitov, Lashkarbegi MFY Keksa va Nuroniylar guruhining rahbari Z.M.Rasuli, "Yer resurslari va kadastr"  fakulteti dekani Sh.Narbayev, "Yer resurslari va kadastr"  fakulteti katta o'qituvchisi va xotin-qizlar masalalari bo'yicha dekan maslahatchisi Z.Xafizova hamda "Yer resurslari va kadastr"  fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan muovini H.Eshovalar hamkorlikda "Yer resurslari va kadastr" fakulteti qizlari ishtirokida “Gender tenglik” va “Erta turmush va yaqin qarindosh-urug'lar o'rtasida tuzilgan nikohlarning salbiy oqibatlari” mavzularida tadbir tashkil etdilar.

Tadbir Xotin-qizlar orasida psixologik va huquqiy maslahat kunini tashkil etish, mazkur kunda oilalarni mustahkamlash, oiladagi ajrimlarning oldini olish yuzasidan suhbatlar; erta turmush va yaqin qarindosh-urug'lar o'rtasida tuzilgan nikohlarni salbiy oqibatlarini targ'ib etuvchi ma'lumotlar berish maqsadida tashkil etildi. Tadbir avvalida oliy toifali yurist, huquqshunos P.Hayitov “O'zbekistonda gender tengligi va gender masalalari” mavzusida so'z yuritib, bugungi kunda gender paradigmasi jamiyat hayotining muhim tarkibiy qismlaridan biri ekani, gender to'g'ridan-to'g'ri mavjud madaniyat, ijtimoiy munosabatlarga ta'sir qilishi, XXI asr ayollarning jamiyatdagi mavqei, ularning roli va missiyasini baholashda burilish yasagani, tarixan ayolning an'anaviy hisoblangan vazifasi – oilaning davomchisi, oila o'chog'ining qo'riqchisi kabi nikoh va oila ijtimoiy institutlarining fundamental asoslari bilan bir qatorda  jamiyat hayotining faol ishtirokchisi kabi mavqeini mustahkamlagani to'g'risida o'z fikrlarini bayon etib o'tdi.

Seminarda Lashkarbegi MFY Keksa va Nuroniylar guruhining rahbari Z.M.Rasuli O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tashkil qilingani, barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo'yicha maslahat kengashi organlari faoliyatini yo'lga qo'yilgani va mehnat jamoalarida maslahat kengashlari tashkil etilgani to'g'risida so'zlab o'tdi. Z.Ismoilova gender strategiyasi doirasida gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta'lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini anglatishi haqida so'z yuritib yig'ilish ishtirokchilariga mavzuni yanada kengroq yoritib berdi. Tadbir davomida universitet psixologi M.K. Muhammedova “Erta turmush va yaqin qarindosh-urug'lar o'rtasida tuzilgan nikohlarning salbiy oqibatlari” mavzusida so'z yuritdi va talaba qizlarni mavzu yuzasidan bahs-munozaraga chorladi.

Tadbirda 113-guruh talabasi  Sohiba Qo'ziboyeva so'zga chiqdi va ota-onasi uni maktabni tugatmayoq turmushga uzatib yuborishgani va buning natijasida jismoniy va og'ir ruhiy kechinmalarni boshidan kechirgani to'g'risida so'zladi. Sohiba o'z hayotiy tajribalarini yig'ilish ishtirokchilariga ibrat tariqasida so'zlab bergani barcha qizlarga dars bo'ldi. Seminar treningda juma kunini “Xotin-qizlar orasida psixologik va huquqiy maslahat”i kuni deb belgilab olindi va haftaning har juma kunlari talaba qizlarga oilalarni mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish yuzasidan suhbatlar, erta turmush va yaqin qarindosh-urug'lar o'rtasida tuzilgan nikohlarni salbiy oqibatlarini targ'ib etuvchi roliklar namoyish etish, mahallalarda ibratli hayot kechirgan namunali oilalar ishtirokida suhbatlar o'tkazish, odob-axloq, o'qish jarayonida va  ijtimoiy munosabatlarda yuzaga keladigan muammolarni bartarf etishga mo'ljallangan tadbirlar uyushtirish hamda “Vatan sha'ni – mening sha'nim” shiori ostida munozaralar tashkil etish yuzasidan jamoaviy tarzda tadbirlar tashkil etib, tavsiyalar berib borishga kelishib olindi. Yig'ilishda "Yer resurslari va kadastrfakulteti katta o'qituvchisi va xotin-qizlar masalalari bo'yicha dekan maslahatchisi Z.Xafizova hamda "Yer resurslari va kadastrfakulteti Yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan muovini H.Eshovalar ham mavzular yuzasidan o'z qimmatli fikr va mulohazalari bilan faol ishtirok etishdi. Bugungi o'tilgan mavzulardan barcha yig'ilish ishtirokchilari o'zlari uchun zarur bo'lgan ma'lumotlarga ega bo'lishdi. Tadbir bahs va munozaralrga boy tarzda o'tkazildi va ko'tarinki kayfiyatda nihoyasiga yetkazildi.

 

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati