TIQXMMI yangiliklari

img
13.09.2023

Yashil taraqqiyot uchun kurash har birimizning burchimiz

Tabiat jamiyat uchun yaratilgan in'om, aslida. Uning musaffoligi hayot-mamotga daxldor masala. Yashash tarzimiz bevosita bog‘liq bo‘lgan tabiatning tozaligi masalasi unga aql-idrok bilan yo‘l tutishni taqozo etadi. Xuddi shu ma'noda joriy yilning 13 - sentabr kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, professor Abdushukur Xamzayev bilan samarali muloqot tashkil etildi. Universitetimizda “Yashil taraqqiyot uchun” kurashamiz shiori ostida “Atrof -muhitni  muhofaza qilishda yoshlarning o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan bu tadbir mohiyat e'tibori bilan katta ahamiyatga ega. Unda "Ekologiya va huquq" fakultetining “Ekologiya va atrof muhit muhofazasi” ta’lim yo‘nalishiga qabul qilingan 1-bosqich talabalari, professor-o‘qituvchilar va doktorantlar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovich o‘z kirish so‘zida ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi masalalari, sohada hozirgi kunda olib borilayotgan islohotlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir tashkilotchilaridan bo‘lgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, professor Abdushukur Xamzayev yoshlar ongiga ekologik ta’lim tarbiyani singdirishda nafaqat ona tabiat haqidagi nazariy bilimlar, balki amaliy mahorat ham muhim ahamiyatga ega ekanligi, global ekologik muammolar paydo bo‘lguniga qadar insoniyat tabiatga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgani, uni bo‘ysundirish yo‘lida bor kuchini ayamagani, oqibatda bugungi kunda insoniyat kelajagi xavf ostida qolganligini, o‘zining tabiatdagi o‘rni va hayotining mazmuni bevosita tabiatni asrash bilan bog‘liqligini tushunib yetganini ta’kidlab, global ekologik muammolar sayyoramizdagi har bir davlat, har bir xonadon va har bir insonga tegishli, hech kim menga taalluqli emas, deb aytolmasligi va bu barchamizni ekologiya va atrof muhitni himoya qilishga mas’ulligimizni alohida faktlar bilan keltirib o‘tdi.

Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” ta’lim yo‘nalishiga eng yuqori ballar bilan qabul qilingan 1-bosqich talabalaridan 10 nafari, faol qatnashgan iqtidorli talabalar hamda mehmonlarga Ekologik partiyasining esdalik sovg‘alari topshirildi. 

UNIVERSITET MATBUOT XIZMATI