Saylov jarayonlaridagi yakdillik
Ijtimoiy-huquqiy mohiyat kasb etuvchi davlatning muhim mezonlaridan biri xalqimizning saylov jarayoniga munosabatidir. Bugun ertalabdanoq hamjihatlik bilan saylovchilar oqimi o‘zlari biriktirilgan saylov uchastkalariga saf-saf bo‘lib munosib bilgan nomzodga ovoz berish uchun kela boshlashdi. Respublikamizning barcha hududlarida soat millari 8.00.ni ko‘rsatgach, O’zbekiston respublikasi davlat madhiyasi yangradi va saylov jarayonlari boshlandi.
Ushbu jarayonga mas’ullik bilan qarab jiddiy yondashib faol ish olib borgan jamoalardan biri "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetimiz jamoasi bo‘ldi. Universitetimizga biriktirilgan har ikkala saylov uchastkasida qizg‘in va tartibli ravishda ish olib borilgani e’tiborga molik.
Yunusobod tumani, Osiyo ko‘chasi, “TIQXMMI” MTU qoshidagi talabalar turar joyida joylashgan 515 - SU hamda Mirzo Ulug‘bek tumani "Inkonel" biznes markazida joylashgan 23- saylov uchastkalaridagi jonli jarayon ko‘ngildagidek o‘tgani ahamiyatlidir. Bu borada o‘zining tashkilotchiligi va prinsipialligi bilan ajralib turgan saylov uchastkalari raislari dekan o‘rinbosari Jamshid Turdiyev bilan "Gumanitar fanlar" kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimovlarning astoydil xizmati va jonbozliklarini ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir.
Saylov jarayonlarining qanday borayotgani haqida universitetimiz rektori Mirzayev Bahodir Suyunovich va prorektor Choriyev Ruzimurat Kungratovichlar bir necha bor kelib xabar olib o‘z maslahatlarini berib turdilar.
Xorijiy kuzatuvchilardan Aleksandr Genriyetta, Kattrell Katerin (Buyuk Britaniya), Sarkozi Miklosh ( Vengriya), Merzlyakova Tatyana Georgiyevna (Rossiya)lar saylov jarayonining tashkil etilishi yuzasidan turli savollar berib qiziqdi va mamnun bo‘lishdi.
515- Saylov uchastkasida 949 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, muddatidan oldin 2 nafar saylovchi ovoz berdi. Ovoz beruvchilar ertalabdan yaxshi kayfiyatda o‘z taqdiri va kelajagiga befarq bo‘lmasdan, o‘zlari munosib deb bilgan nomzodga ovoz berishmoqda.
Kuzatuvchilar saylov uchastkasini tayyor holatda ekanligini ko‘zdan kechirarkan, ovoz berganlar orasidan ayollar necha foizni tashkil etgani, ularning faolligi qay darajada ekani bilan qiziqdi. Ular bilan suratga tushildi. Kuzatuvchilar tomonidan saylov uchastkasidagi byulletenlarni berish, ovoz berilayotgan jarayonlar ham sinchiklab kuzatib borildi. Ular tomonidan jarayonlar video va rasmlarga olindi.
Kuzatuvchilarning ayrimlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovich tahsil olgan universitet bilan aynan qiziqib, tashkil etilgan saylov uchastkasida yaratilgan sharoit bilan obdon tanishdi, komissiya a’zolari bilan samimiy suhbatlashdi, faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilashdi.
Siyosiy partiyalar vakillari kuzatuvchilari uchun ajratilgan joylar ko‘rsatildi. Partiya kuzatuvchilari bilan suhbatlashildi. Saylov jarayonlarida qonun buzilishi holatlari kuzatilmaganiga xorijlik kuzatuvchilar to‘la iqror bo‘lishdi.
"Inkonel" biznes markazida joylashgan Bahriddin Muqimov raisligidagi 23-saylov uchastkasida ham xuddi shunday jarayonning guvohi bo‘lishdi. Bu yerdagi saylovchilarning aksariyati H.Olimjon mahalla fuqarolari hisoblanadi. Umumiy saylovchilarining soni 2236 nafarni tashkil qiladi. 28-iyundan 5-iyulga qadar 61 nafar saylovchi muddatidan oldin o‘z ovozlarini berishgan. 23 saylov uchastka komissiya a’zolarining asosiy tarkibi "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetining faol o‘qituvchilari ekanini e’tirof etish joiz.
Saylov jarayonlarining yakdil holda kechishi xalqimiz ongu shuuridagi o‘zgarish va Yangi O’zbekistonning shukuhiga mos tafakkurning shakllanganligidan dalolatdir. Saylov singari ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmaslik o‘z kelajagiga mas’ullikdir.
Universitet matbuot xizmati