TIQXMMI yangiliklari

img
02.06.2023

Chuqursoydagi kadrlar jamiyatiga chuqur ehtirom

Ehtiyojmand insonlarning ehtiyojini qondirish, imkoniyati cheklanganlarni xursand qilish savob va xayrning ulug‘i bo‘lsa kerak. Butunjahon xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan universitetimiz rektori Bahodir Mirzaev boshchiligida bir guruh xodimlar va prorektorlar bilan birga Chuqursoyda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Karlar jamiyatiga qarashli, eshitish va gapirish nuqsoni bor bo‘lgan bolalarga nutqiy muloqot ehtiyojini qoplash maqsadida o‘zbek, ingliz va rus tillarida  fikr almashishga mo‘ljallangan Elektron doskaning taqdim etilishi ularni rosa ruhlantirib yubordi.

Rektor bayram bilan barchani samimiy tabriklarkan, ular qalbiga xush yoquvchi mulohazalarni bildirdi. Jumladan, "siz aslo o‘kinmang, ayrim nuqsoni bor bo‘lganlarda boshqa sezgi organlari nihoyatda yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Bunday kutilmagan mo‘jiza hatto to‘rt muchasi sog‘ bo‘lganlarda ham bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bunday insonlardan jahonshumul kashfiyotlarning ixtirochilari chiqqan."

O‘zbekiston Resublikasi Karlar jamiyatining prezidenti Shodieva Go‘zal O‘ktamovna hamda suhbat jarayonlarini Surdo tilida tarjima qilib yetkazib turgan Manzura Eshmuradova o‘zlarining samimiy minnatdorchiligini bildirdi va markaz hovlisigacha kuzatib borishdi. Davlatimiz va hukumatimizning siyosatida bunday toifa insonlarga e’tibor yuqori darajada. Bu esa "Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" degan g‘oyaning amaldagi ifodasidir.

Yangi konstitutsiyada inklyuziv ta’lim masalasiga alohida e’tibor qilingani bejiz emas. Shuningdek, imo-ishora tili to‘g‘risidagi Prezidentimiz qarorining qabul qilinishi ham shu boradagi mulohazalarimizga asosdir. Markaz bilan hamkorlik bardavom bo‘lishiga ishonch bildirildi.

               Universitet matbuot xizmati