TIQXMMI yangiliklari

img
27.05.2023

“O’zbekistonda yer resurslarini boshqarishning ustivor yo’nalishlari: Muammo va Yechimlar”

Bugungi kunda dunyoda yer resurslarini boshqarish bilan bog’liq ko’plab muammolar mavjud. Xususan, yerlarni qayta taqsimlashning faollashayotgani, yer unumdorligining pasayishi va investitsiyalar yetishmasligi, yerlar degradatsiyasini boshqarishn iqtisodiy usullarining sustligi, qimmatli qishloq xo’jaligi yerlarini yo’qotishlar shular jumlasidandir. Mamlakatimizda ham shunday muammolar yo’q emas. Demak, yer resurslarini boshqarish nafaqat yerlardan samarali foydalanishga, balki yangi ish o’rinlari yaratish, kambag’allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, ishlab chiqarish raqobatdoshligi va eksport salohiyatini oshirish kabi eng muhim ustuvor masalalarni yechishga ham ko’maklashishi kerak.

2023 yil 25-mayda “O’zbekistonda yer resurslarini boshqarishning ustivor yo’nalishlari: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi. Ushbu anjumanni Universitet rektori prof.B.Mirzaev o’zining tabrik so’zi bilan ochib berdi. Anjumanda Tabiat resurslari vazirining o’rinbosari Oblomurodov N.N., Moskva davlat Yer tuzish universitetidan prof. V.I.Nilipovskiy, Xalqaro suv xo’jaligi instituti bo’lim boshlig’i Z.G’ofirov, Omsk davlat agrar universitetidan prof.V.I.Maxt, va prof. O.Karpova, Bolgariya “Plovdiya qishloq xo’jaligi universiteti”dan prof. Dimo Atanasov va prof. R.Uzunova, Avstriya Zalsburg universiteti prof. J. Strobl qatnashdilar va ma’ruza qildilar. Konferentsiyada ta’kidlandiki,  yerlarni nafaqat tabiiy resurs, balki iqtisodiy resurs, investitsiya resursi (kapital) sifatida baholash orqali ularni iqtisodiy muomalaga kiritishni, ularni sotish, ijaraga berish va garovga qo’yishni, shuningdek yerlarni ko’chmas mulk, soliqqa tortish, boshqaruv ob’ektlariga aylantirishni ham nazarda tutadi.

Bu esa, shaffof va adolatli yer munosabatlarini yo’lga qo’yilishiga,  yer mulkchiligi va yer ijarasi huquqi bozorini shakllantirishga, ushbu huquqlar kafolatlarini kuchaytirishga, raqobat muhitini yaxshilashga  xizmat qiladi. Noqishloq xo’jaligi yerlarini kimoshdi savdosi orqali sotish hududiy infratuzilmani yaxshilash va yerlarni xususiylashtirishni rag’batlantirish, investitsiya loyihalarini qo’llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Natijada, yerlarni o’zboshimchalik bilan egallab olish, korruptsiya, noqonuniy daromadlar olish kabi salbiy jarayonlarni bartaraf etish imkoniyatlari yaratiladi. Mamlakat aholisi jadal sur’atlar bilan o’smoqda, islohotlar sharoitida yerga bo’lgan ehtiyojlar ortib bormoqda. Bunday vaziyatda oziq-ovqat muammosini hal qilish va yerdan foydalanishni diversifikatsiya qilish, hududlar salohiyatini oshirishga qaratilgan yer resurslarini boshqarish strategiyasini belgilash mamlakatimiz kelajagining eng muhim ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilishi lozim. Har qanday boshqaruv islohotini muvaffaqiyatli amalga oshirishda bo’lgani kabi yer resurslarini samarali boshqarishda ham malakali kadrlarni tayyorlash, ayniqsa, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik, boshqaruv, fiskal, bozor, mintaqaviy va investitsiya masalalari bo’yicha kadrlar tayyorlash zarurati paydo bo’lmoqda. Yer resurslarini boshqarish bo’yicha jamoat va ilmiy-texnik kengashlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, innovatsion markazlar hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish zarur.

Yer resurslarini boshqarish kafedrasining katta o’qituvchisi Z.Xafizova  axboroti