Kitoblar qatiga berkingan xotiralar
Biz darsni noodatiy usulda o‘tkazishni avfzal ko‘ramiz. Darvoqe, bu galgi darsimiz ham o‘zgacha va qiziqarli bo‘lishiga harakat qildik. O‘zim filolog bo‘lganligim sababli universitetimizdagi "Filologiya yo'nalishi" 111-guruh 1-kurs talabalari bilan Davlat tili darsi va bu talabalar bilan ishlash menga huzur va zavq bag‘shlaydi. Chunki ular bilimdon, so‘zni qadrlaydigan, vazifani doim o‘z vaqtida bajarishga harakat qiluvchi ijodkor, ko‘p tillik yoshlar bo‘lganligi sababli kreativ, usulda amaliy mashg‘ulotlar olib borishga harkat qilaman. Biz darsimizni “Kitob mutolaasi”, “Men sevgan asar” mavzularini amaliy o‘rganish maqsadida Toshkent Irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti - Milliy tadqiqot universitetida joylashgan O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov muzeyida olib bordik. Talabalar dars davomida yangi, foydali ma'lumotlarga ega bo'lishdi. “Tafakkur va xotira o‘zaro bog‘liq, chunki tafakkur o‘tmishdagi hayotiy tajribaga asoslanadi”- degan edi ahli donishlardan biri.
9 - may “Xotira va qadrlash kuni” arafasida olib borilayotgan har bir dars maqsadi mana shu g‘oya bilan uyg‘un va mushtarak bo‘ladi. Darhaqiqat, buyuk shoirning qalamiga mansub turli yillarda yaratilgan she’riy, ilmiy va nasriy asarlari bilan tanishar ekanmiz, Abdulla Oripovning ijodi talabalik yillarida boshlanganligi yoshlarda hayrat uyg’otdi. Shoir ijodini xotirlar ekanmiz, uning birinchi she'rlar to‘plami «Mitti yulduz» 1965 yili chop etilganligi, keyin shoirning «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1967), «Onajon» (1969), «Ruhim» (1971), «O‘zbekiston», «Qasida» (1972), «Xotirot» (1974), «Yurtim shamoli» (1974), «Hayrat» (1979), «Najot qal'asi» (1981), «Yillar armoni» (1983) she'riy to‘plamlari bosilib chiqqanligini bilib oldilar. Mazkur to‘plamlarga kirgan she'rlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularda shoirning she'rdan-she'rga, to‘plamdan-to‘plamga, yildan-yilga o‘sib, ijodi barkamollashib borganligiga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, 70-yillardan keyingi asarlarida hayot va inson, jamiyat va tabiat haqidagi falsafiy mushohadalarining tobora chuqurlashib borganligi seziladi. Talabalarga ana shunday asarlaridan "Mitti yulduz", "Yillar armoni" to‘plamlariga kiritilgan she’rlarini rus va ingliz tillariga tarjima qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Kitoblar qatiga bitilgan tarixning eng qiziqarli tafsilotlari bilan tanishgan talabalar shoir she’rlarini rus va ingliz tillariga tarjima qilishga astoydil bel bog‘lashdi.
"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti professori Nilufar Yuldasheva axboroti
Universitet matbuot xizmati