TIQXMMI yangiliklari

img
03.05.2023

Uquvsiz o‘qituvchi ta’lim sifatiga putur yetkazadi

O‘qituvchining bilim - saviyasi bir tomon bo‘lsa, ikkinchi muhim jihat pedagogning kommunikativ kompetentligidir. Busiz ta’limiy jarayonda sifat, samara va natijaga erishish mumkin emasligi oynadek ravshan. Shunday ekan, boshqaruv san’ati rahbarning mahorati pedagog kadrlarning malakasi har qachongidan ham muhimdir. Xuddi shu maqsadni nazarda tutgan holda kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi oliy talim, fan va innovatsiya vazirligi Bosh ilmiy metodik markaz «Ta’limni  transformatsiyalash  sharoitida rahbar va pedagog kadrlarni malakasini oshirish: zamonaviy tendensiyalar va yondashuvlar» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. To‘rt yuz sahifadan iborat bo‘lgan ilmiy-amaliy anjuman materiallari to‘plam shaklida chop etilgan bo‘lib, u professor Shamsiddin Sharopovich Sharopov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangani e’tiborga molik.

Anjumanning ochilishi “Innotexnopark“ zalida bo‘lib o‘tdi. Unda oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirining birinchi o‘rinbosari K.Karimov so‘zga chiqib ishtirokchilarni samimiy qutladi. Tadbirda Rossiyalik olimlardan A.G.Blaganin, P.Kuzmin,  Velta Lubkina va boshqalar ham o‘zlarining mulohazalari bilan chiqib pedagogik mahorat, kompetentlik va  hamkorlik samaralari haqida fikr yuritishdi. Tushdan keyin anjuman 4 ta sho‘baga bo‘lingan holda o‘z faoliyatini boshladi.

1-sho‘ba. Rahbar va pedagog kadrlarning «Hayot davomida ta’lim olish» tamoyili asosida uzluksiz malakasini oshirish: innovatsion yondashuvlar.

2-sho‘ba. Rahbar va pedagog kadrlarning innovatsion hamda kommunikativ kompenentligini rivojlantirish.

3-sho‘ba.  Rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan malaka oshirish: xalqaro tajribalar.

4- sho‘ba. Raqamli transformatsiya jarayonida rahbar va pedagog kadrlarning malakasini oshirish: muammo va istiqbollar.

      Bular orasida ikkinchi sho‘badagi ma’ruzalar mohiyat e’tibori bilan ahamiyatli bo‘ldi. Sho‘ba raisi sifatida Yusufjon Ahmadaliev va kotib sifatida BIMM doktoranti To‘lqinjon Nasrullaevlar  58 nafardan alohida ajralib turgan ma’ruzachilarga so‘z berdi. TDAU huzuridagi tarmoq markazi direktori, prof. Abdurashid Mamatkulovning «Muammoli ta’lim mashg‘ulotlarini tashkil etishda muloqot tizimi xususiyatlari», professor Umida Tashkenbaeva hamda dotsent Gulnoza Djuraevalarning "Klinik ko‘nikmalarni o‘rgatish jarayonida o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasini shakllantirish”, professor Xabibullaev Rashid Azamatovich hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi direktori, texnika fanlari doktori, professor Mirzaqulov Xolto‘ra Chorievichlarning «Kasbiy ehtiyojlarga yo‘naltirilgan malaka oshirishni kasbiy standartlar asosida tashkil etish», professor Jumaniyozov Rahimboy Matkarimovichning «Notiqlik va kommunikativ kompetentlik - sifatli ta’lim mezoni» mavzularidagi ma’ruzalari o‘zining dolzarbligi va ilmiy-nazariy jihatdan puxtaligi bilan ajralib turdi. Pedagog o‘z sohasini yaxshi bilsayu fanni, mavzuni talaba ongiga singdirish mexanizmi - kommunikativ kompetentligi bo‘lmasa maqsad ro‘yobga chiqmaydi, samara bermaydi.

«TIQXMMI» MTU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi direktori, dotsent G‘ulom Bekmirzaev axboroti