TIQXMMI yangiliklari

img
10.04.2023

Tuproq ostidan sug‘orish texnologiyasi

Keyingi yillarda iqlim keskin o‘zgarishi munosabati bilan turli suvtejamkor sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. “TIQXMMI” MTUning Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti  tomonidan olib borilgan tuproq ostidan sug‘orish bo‘yicha  olingan ma’lumotlar  va 2022 yilda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida 1 ga maydonda sinov tariqasida tuproq ostidan sug‘orish bo‘yicha hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari instituti qoshida professorlar A.Isashev, S.Isayev va tayanch doktorant S.A.Isashev tomonidan g‘o‘zani tuproq ostidan sug‘orish texnologiyasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, vegetatsiya davrida g‘uzani sug‘orishda suv sarfi taxminan ikki baravar, hosildorlik esa 37-47% gacha oshgan.

Ushbu suvtejamkor tuproq ostidan sug‘orish texnologiyani universitetning o‘quv ilmiy Markazida sinovdan o‘tkazish maqsadida 0,32 ga yer maydoni ajratildi. Hozirgi kunda “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan ajratilgan yer maydonida  tuproq ostidan sug‘orish texnologiyasini   g‘o‘zada qo‘llash maqsadida yer maydoni tekislandi hamda o‘quv ilmiy Markaz direktori Dilshod Kamolov va mexanik Botir Tasbayevlar bilan hamkorlikda quvur yotqizuvchi kurakli ish jihozi tayyorlandi va mavjud MTZ traktoriga o‘rnatildi.

Transheya qazuvchi traktor zanjirli kurakli ish jihozi bilan chuqurligi 0,4-0,6 m va eni 0,15-0,2 m gacha transheyalarni kovlash imkonini beradi. Tajriba o‘tkazish uchun g‘o‘za ekishga ajratilgan maydon tuproq sharoitidan kelib chiqib, tuproq ostidan namlatuvchi quvurlarni 0,4 m chuqurlikka joylashtirish tavsiya qilindi.  Ushbu texnologiyani qo‘llash uchun yetarli miqdorda polietilen quvuri (d=32 mm) xarid qilinib, universitetning o‘quv ilmiy Markazi omborxonasiga keltirildi.  Hozirda tuproq ostiga joylashtiriladigan quvurda tuproqni namlatish uchun teshiklar hosil qilinmoqda.  Transheya qazuvchi traktor zanjirli kurakli ish jihozi bilan namuna transheya qazib ko‘rildi va kuzatilgan kamchiliklar bartaraf qilindi.

Universitet matbuot xizmati