TIQXMMI yangiliklari

img
26.03.2023

Tabiat tana bo‘lsa, jamiyat jondir

Har ikkalasini bir-biridan ayro tasavvur etish mumkin emas. Har ikkalasining muvozanati bilan hisoblashmaslik, xunuk oqibatlarga, ijtimoiy-iqtisodiy talofatlarga olib kelishi muqarrardir. Shuning uchun ham Konstitutsiyamizning yangi tahririda xuddi shu masala bir necha moddalar bilan muhrlanib qo‘yilgan.

Joriy yilning 25 mart kuni soat 11:00.da “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida “Musaffo atrof-muhit – Yangi Konstitutsiya bilan kafolatlanadi” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.  

Unda unversitet professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari va faollari ishtirok etishdi. Tadbirni Universitet rektori, professor Bahodir Mirzaev boshqarib bordi. Uchrashuvda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi mazmun-mohiyati hamda 30 aprelga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Referendumi ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Xamzaev so‘zga chiqib, aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Yangi Konstitutsiya loyihasida atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha alohida bob kiritilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda qurilishlardan norozi bo‘lgan aholidan15 mingta murojaat kelib tushgan, sudlar tomonidan birgina Toshkent shahrida 200 dan ortiq qurilishlar to‘xtatib qo‘yilgan, avtomobillar soni 1,3 millionga ko‘payib, 3,6 millionga yetgan, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotgani ham ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat bermoqda.

Shu munosabat bilan, Bosh qomusimiz loyihasida  “davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi” degan norma mustahkamlanmoqda.

Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o‘tkazilishi shartligi haqidagi konstitutsiyaviy qoida hozirgi sharoitda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan shaharsozlikka oid masalalarni xalqimiz bilan bamaslahat yechish imkonini beradi. Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Aholimiz va kelajak avlod uchun ekologik toza hududni saqlab qolishning konstitutsiyaviy kafolatlari yaratilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Yangilanayotgan Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan. Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.

Uchrashuv so‘ngida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. Tadbirda A.Hamzaevninng jonli va qiziqarli tarzdagi, fikr va faktlarga boy jozibali nutqi ko‘pchilikning diqqatini tortdi. Shuning uchun ham ularning chiqishlari talaba va professor o‘qituvchilar tomonidan berilgan ketma-ket savollar bilan olqishlandi, tadbirga ko‘tarinki ruh baxsh etdi.

Universitet Matbuot xizmati