TIQXMMI yangiliklari

img
21.03.2023

Do’st kulfatda bilinadi

Tabiiy yoki ijtimoiy ofatlar ko‘plab talofatlarga sabab bo‘lishi bilan birga insonga ruhiy iztiroblar berishi tayin. Kimdir ota onasidan, kimdir farzandu nevaralaridan judo bo‘ladi yoxud boshqa bir yaqinlarini yo‘qotadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Anqara shahrida 16-mart kuni Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitidagi nutqi bilan tanishgan kishi do‘stlik va hamdardlikning qiymatini, teran tomirlari tutash bo‘lgan xalqlarning bir-biriga ehtiromini, qondosh va qardosh ellarning o‘zaro mehrli munosabatini his etishi aniq.

Matonatli turk xalqiga va qadrdon birodarimiz Turkiya Respublikasi Prezidenti, muhtaram Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylariga bir - biriga joni achiydigan aka - ukadek murojaat qilishlarida teran tomirlari tutash xaqlarning abadiy do‘stligiga ishora bor. Ayni damda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyevning navbatdan tashqari yig‘ilishni olib borish va o‘z mulohazalari va takliflarini bildirib borishlari uchun izn bergani ham xalqimizga va yurtboshimizga bo‘lgan hurmat va ishonchning belgisidir.

Nutq notiqning fazilati va ziynati. Notiq nutqidagi mantiq dolzarb muammolarni hal etish choralari bilan bog‘lansa uning mazmuni va samarasi natijador bo‘lishi aniq.

Davlatimiz rahbarining sammitdagi nutqi ham ana shu mazmun va mantiq bilan sug‘orilgani nuqtai nazaridan ajralib turdi. Prezident nutqi o‘z aka-ukasiga mehrli, chin dildan achinadigan, quvonadigan samimiy birodarning nutqi singari taassurot uyg‘otdi. Mushkul damlarda biz bir-biriga mustahkam tayanch va suyanch bo‘lish do‘stlik va birdamlikning amaldagi ifodasi.

Turkiyada ro‘y bergan zilzila ofati qaysidir ma’noda turkiy tilli xalqlarning hamdardligi va bahamjihatligini sinovdan o‘tkazdi deyish mumkin. Birodar xalqlar asrlar mobaynida turli murakkab vaziyat va muammolarni o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va hamjihatlik bilan mardona yengib kelgani guvoh ekani notiq nutqida urg‘ulandi. Er boshiga ish tushsa etik bilan suv kechar deganlaridek, xalqimiz “Turkiya, biz sen bilan birgamiz!” deya bir tanu bir jon bo‘lib, turk birodarlarimizga yordamga oshiqdi.

Davlatimiz rahbarining mudhish fojiada qurbon bo‘lgan o‘n minglab begunoh insonlar xotirasini unutmaslik nuqtai nazaridan 6 fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni deb e’lon qilish haqidagi taklifi xalqimizga xos mehridaryolik va bag‘rikenglikning yana bir ifodasi desak, xato bo‘lmaydi.

Turkiyada iqtisodiy jabhada, qurilish ishlarida birgalikda amalga oshiriladigan aniq va samarali masalalarni  Prezidentimiz tomonidan ko‘ndalang qo‘yilishi tadbirda ishtirok etayotgan mamlakat rahbarlarini ruhlantirib yubordi. Ushbu yoz mavsumida Hatay yoshlarining O’zbekistonga tashrifini tashkil etish, qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarlarini uyushtirib yurtimizdagi o‘z tengdoshlari bilan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha mulohazalari qardoshlik va hamkorlikni mustahkamlashning yana bir muhri bo‘ldi desak, yanglishmaymiz.

Prezidentimiz nutqi zamon yuzaga chiqazgan muammolarning,  ularni bartaraf etish harakatining ko‘zgusi bo‘ldi, hisobi. Global iqlim o‘zgarishlari bu kabi vayronkor hodisalar ko‘lami va zarari keskin oshayotgani uchun Prezident nutqida aniq takliflar, jumladan, tashkilotning tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.  

Turli ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ko‘p tomonlama bitimni ishlab chiqish va Turkiya tomoni taqdim etgan fuqarolar muhofazasi bo‘yicha tizim yaratish haqidagi hujjat loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlash e’tirof etildi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazirliklarimiz o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini faollashtirish asnosida qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqish ayni muddao ekani ham chetda qolmadi. Og‘ir sinovli paytlarda ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish ham maqsadga muvofiq ko‘rildi. Oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish mollarini to‘siqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish, rasman ta’sis etilayotgan Turkiy investitsiya fondining ilk moliyaviy resurslarini ham ushbu loyihalarga jalb etish mumkinligi ochiqlandi. Sohaga ilmiy va texnologik yangiliklarni keng joriy etish va tashkilot doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish bo‘yicha tashabbus yana bir bor uqtirildi.

Nutqda muammolar shunchaki qayd etilmasdan, balki uni amalga oshirishdagi yo‘l - yo‘riq va tavsiyalar ham baralla aytildi. Bular Turkiy davlatlar tashkilotining ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorligini kuchaytirish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish global jamg‘armasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tabiiy ofatlarni kamaytirish bo‘yicha xalqaro strategiyasi kotibiyati, Favqulodda vaziyatlarda harakatlanish markaziy jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha Tashkilot kotibiyati alohida shug‘ullanishi zarurligidir.

Notiq nutqida ayni vaziyatni va istiqbolni o‘ylab aytilgan fikrlar bilan birga motivatsion ruh va nekbin kayfiyat hukmron bo‘ldi.

Bulardan biri bu yil Turkiya Respublikasi tashkil topganining qutlug‘ 100 yilligini munosib  nishonlash bo‘lsa, ikkinchisi    Turkiya davlatining global iqtisodiyot va siyosatdagi o‘rni va ta’siri izchil ortib borishidagi  Rejep Tayyip Erdog‘anning xizmatlarini ta’kidlab, saylovlarda uning nomzodini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga chaqirish, uchinchisi esa tabiatdagi yangilanish, jamiyatdagi yaxshiliklarning elchisi sifatida kirib kelgan – Navro‘zi olam hamda yaqinlashayotgan Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etishlaridir.

Yashash qarash va kurashlar birligidan iborat ekan, zamonga muvofiq holda yangilanish faqat yashash tarziga emas, balki, qarash va g‘oyalarga ham xos. Inson erki va manfaatlarini ustun qo‘ygan jamiyatda yangilanish va yaxshilanish zaruriy hodisadir. Bosh qomusimiz or-nomusimiz ekan, undagi o‘zgarishlarga, konstitutsiyamizga aslo, befarq bo‘linmaydi. Uning zamirida, xalqimizning osoyishtaligi va farovonligi masalasi turgani haq. Bu esa tabiat va jamiyatning in’omi va ehsoni hamda davr talabidir.

Xulosa shuki, do‘stlik, tinchlik, hamkorlik muqaddas tushunchalardir. Do‘st ikki badandagi bir jon, deya izohlanarkan, demak, do‘stning quvonchi va qayg‘usiga sheriklik azaliy qadriyatlarimizdandir.

Umumxalq bayramimiz - Navro‘zi ayyom hammamizga muborak bo‘lsin.

Rahimboy Jumaniyozov,

 "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati rahbari, professor, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi