TIQXMMI yangiliklari

img
13.03.2023

Birdamlik va bardamlik bayrami

         Bayram so‘zini eshitgan zahoti inson qalbida xushnudlik, tabassumli ochiq chehra, ajib tuyg‘ular kechadi. Bayram so‘zi birdam va bardam so‘zlariga hamohang va qofiyadoshligi nuqtai nazaridan emas, balki mohiyat e’tibori bilan ularga bog‘lanib keladi. Har qanday bayram birdamlik, bardamlik va hamjihatlikka mezondir. Dini, tili, millati, irqidan qat’iy nazar o‘zaro do‘stlik va mehribonlik rishtalarini mustahkamlash asnosida bir dasturxon atrofiga jamuljam bo‘lishning o‘zi go‘zal manzara. Ayniqsa, buning yaqqol ifodasini navro‘z – umumxalq bayrami arafasida ko‘rish mumkin. Aslida, tinchlik va do‘stlikning tarannumi ushbu bayramda o‘zining tarovatini to‘la namoyish etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida xuddi shu ruh va mazmun hukmrondir. Qarorda qayd etilganidek, “Hozirgi kunda jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, do‘stlik va birodarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishda Navro‘z bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda. “Navro‘z – hech qanday diniy bayram emas balki, do‘stlik xursandchilik, muruvvat va saxovat bayramidir. Uning ta’rifi va tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uzoq davrlarga borib bog‘lanadi. Qalblarni, ellarni bir-biriga yaqinlashtiradigan xushnudlik bilan o‘tkaziladigan bayram ekani borasida Avesto, Afrosiyob va boshqa qadimgi bitiklarda o‘z ifodasini topgan. Sharq mutafakkirlarining aksariyati bu bayramni ulug‘lab asarlar yozganlar. Muhammad Muso al-Xorazmiy “Kitob surat ul-arz”, Abu Bakr Narshahiy “Buxoro tarixi”, Abu Rayhon Beruniy “Osor ul-boqiya”, Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma”, Hakim at-Termiziy “Navro‘znoma”, “Solnoma”, Abu Bakr al-Xorazmiy “Risolalar”, Umar Xayyom “Navro‘znoma”,  Lutfiy “Gul va Navro‘z” va boshqa shu kabi ko‘plab ulug‘ ajdodlarimiz asarlarida bu kun, uning kelib chiqishi, xosiyati, ahamiyati, bayram sifatida ulug‘lanishi, tarixi, qaysi xalqlar tomonidan qanday nishonlanishi haqida turfa ma’lumotlar saqlanib qolgan. Umar Xayyom “Navro‘znoma” asarida bu kunning paydo bo‘lishi va bayramga aylanishi haqida shunday deb yozadi: “Isfandarmuz oyida mevali daraxt va o‘simliklar ko‘kara boshlaydi. Oftob bu oyda oxirgi Hut burjiga yetib keladi. Kayumars vaqtni o‘n ikki bo‘lakka bo‘ldi va yil hisobining boshlanishini belgiladi. Bu orada tarixdan bir ming qirq yil o‘tdi va oftob Farvardinning birinchisida to‘qqizinchi burj (Qavs)ga kirdi. Jamshid podshohligining to‘rt yuz yigirma birinchi yili o‘tgach, bu davr tugadi va quyosh o‘z Farvardinida Hamalning boshiga qaytib keldi. Shunday qilib, dunyo muvozanatga keldi. Kun bilan tun tenlpshdi. Biz eslatgan bu kunda u bayram tashkil qildi, unga “Navro‘z” deb nom berdi va odamlarga har yili Farvardin kelganda bayram qilishni va o‘sha kunni Yangi (yil) deb hisoblashni, quyosh turgancha Navro‘z ham barqaror bo‘lsin, deb buyurdi”.

Navro‘zning nihoyatda qadimiyligini va bu bayramning sharq xalqlari hayotida muhim o‘rin tutishini yana bir ulug‘ ajdodimiz Abu Bakr Muhammad Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida ham e’tirof etadi. U Buxoro yaqinidagi Varaxsha qal’asi haqida ma’lumot berar ekan, shunday deb yozadi: “Bu yerda har o‘n besh kunda bir kun bozor bo‘ladi, yilning oxirida esa odamlar yigirma kun bozor qilib, yigirma birinchi kuni Navro‘z — yangi yil bayramini o‘tkazadilar. Buni “Navro‘zi kishovarzon” — “Dehqonlar navro‘zi” deydilar. Buxoro dehqonlari (yil kunlari) hisobini o‘sha kundan boshlaydilar va bunga e’tibor beradilar. Otashparastlarning navro‘zi undan besh kun keyin keladi”... Demak, Navro‘z — yangi kun, tabiatning uyg‘onish ayyomi sifatida barcha davrlarda ulug‘lanib kelgan. Dehqonlar bu kunni o‘z faoliyatlarining boshi, ekinlar ekishning boshlang‘ich kuni deb qaragan bo‘lsalar, olovni ilohiy kuch deb bilgan zardushtiylar “Bu ilohiy kuch Quyoshning bir parchasi, Quyosh esa “Ollohning jamoli”, kunu tunning teng kelishi Ollohning qudrati” deya ulug‘laganlar va bu kunni o‘z dinlarining asosiy bayrami sifatida nishonlaganlar. Otashparastlar navro‘zi dehqonlar navro‘zidan besh kun keyin kelishi haqida esa yana bir ulug‘ muarrix Abul Hasan Nishopuriy “Xazoyin ul-ulum” asarida boshqa bir ma’lumotni ham keltiradi. Ma’lumki, Siyovush otasi Kaykovus yonidan uzoqlashib Afrosiyob huzuriga keladi. Afrosiyob unga qizini va mulkidan bir qismini beradi. Siyovush Buxoro hisorini bunyod qildiradi. Lekin Afrosiyob yomon odamlar qutqusi bilan Siyovushni o‘ldirtiradi. Uni o‘zi bino qildirtirgan Buxoro hisorining ichiga “Darvozai g‘uriyon” deb atalgan darvoza yaqiniga dafn qilishadi. “Shu sababli Buxoro otashparastlari o‘sha joyni aziz tutdilar, — deb yozadi muarrix, — va unga atab har bir erkak kishi har yili Navro‘z kuni quyosh chiqishidan oldin o‘sha joyda bittadan xo‘roz so‘yadi. Buxoro aholisining Siyovush o‘ldirilishiga bag‘ishlab aytgan marsiyalari bo‘lib, u barcha viloyatlarda mashhurdir. Qo‘shiqchilar uni “otashparastlar yig‘isi” deydilar. Bu gaplar bo‘lganiga hozir uch ming yildan ortiqroq vaqt o‘tdi”. Bu mamlumotlar Navro‘zning bayram sifatida nishonlanib kelinayotganining o‘zi 4-5 ming yillik, balk undan ham uzoqroq tarixdan guvohlik beradi. Bu tarixiy ma’lumotlar Navro‘z bayramining nafaqat qadimiyligini, balki uning tub ildizlari, kelib chiqishi yurtimiz bilan bog‘liqligini ham isbotlaydi. Navro‘z barcha davrlarda buyuk qadriyat sifatida ulug‘lanib kelgan.  Navro‘z tarovatiga doir ikkita badiiy asos fikrimizga dalildir. Mutasavvuf shoir Farididdin Attor "Gul chehrasida nasimi Navro‘z xushdir, Gulshan aro ruxsori dilafro‘z xushdir.", deb yozsa, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy "Zulfu ruxsor ila komingga meni yetkursang, Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsin Navro‘z,"-deydi.

Mag‘ribzamin mutafakkirlari ham bunga befarq qarashmagan. Qadimgi yunon olimi Strabonning yozishicha, ikki daryo oralig‘ida istiqomat qilgan ajdodlarimiz Navro‘z kuni otashkada, ya’ni olovga topiniladigan ibodatxonalarda to‘planishgan va yilboshining 12 kun davomida tantana qilishgan. Bayramda har bir kishining ustiga quyosh nuri tushishi uning yil bo‘yi to‘kin-sochin, barakali hayot kechirishidan darak beradi, deb qaralgan. Bayram tantanalari dala ishlarining boshlanishi bilan o‘z nihoyasiga yetgan. Xitoylik muarrix Vey-Sze qadimgi samarqandliklarning Navro‘z bayrami haqida shunday yozadi: “Oltinchi oyning birinchi kuni ularda yilboshi hisoblanadi”. O‘sha kuni podshoh ham, xalq ham o‘zlarining yangi liboslarini kiyadilar, ular shaharning kunchiqar tarafidagi bir daraxtzor yonidagi maydonda to‘planishib, bayram qiladilar. Navro‘zni aslida Markaziy Osiyoda yashagan qadimgi ajdodlarimiz inkishof etgan desak, xato bo‘lmaydi.  Navro‘z bayrami qadimgi ajdodlarimiz tafakkurining mahsuli ekanligini tasdiqlaydigan yana bir muhim dalil, Farg‘ona vodiysidan topilgan qoyatosh suvratlaridagi mavsumiy marosimlarga oid chizgilardir. Ma’lumki, Farg‘ona vodiysining tog‘li xududidagi Ko‘gart dovoni yaqinida, Saymalitosh degan joyda ko‘plab qoyatosh suvratlari, petrogliflar aniqlangan. Qadimgi farg‘onaliklarning yil fasllari va quyoshning yillik harakatini kuzatishga asoslangan astronomik kuzatishlarini o‘zida aks ettirgan Saymalitosh suratlari miloddan avvalgi III ming yillikdayoq yaratila boshlangan, deb hisoblaydi. Saymalitosh suvratlari o‘ziga xos rasadxona vazifasini bajargan bo‘lib, quyoshning chiqishi va botishiga asoslangan vaqt hisobini aks ettirgan.

Suvratlardan birida, ikkita ho‘kiz, ularning atrofida 12 ta odam, kecha va kunduzning 12 soatdan iobratligini, ya’ni kuzgi va bahorgi teng kunlikni anglatadi. Chunki dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan O‘rta Osiyo xalqlari yil boshi–Navro‘zni 21 martdan boshlanadi, deb hisoblaydilar va bahorgi teng kunlikdan dala ishlarini boshlaydilar. Abu Rayhon Beruniy fikricha, Navro‘z shoh Jamshidga bog‘lanadi: “Jamshid o‘ziga arava yasab olgach, o‘sha kuni aravaga chiqib oldi, jinlar va shaytonlar uni havoga ko‘tarib, bir kunda Dunbovanddan (Damovand tog‘i) Bobilga olib bordilar. Odamlar bir ajoyib voqeani ko‘rgach, o‘sha kuni bayram qildilar va “Jamshidning (aravada uchishiga) taqlid qilib arg‘imchoqlarda uchdilar”. Demak, o‘ziga xos uzoq va boy tarixga ega bo‘lgan Navro‘z saodat va baraka kaliti bo‘lgan desak, yanglishmaymiz. Mehr-muruvvat fazilatlarini mustahkam tutish xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan. “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida ham doimiy tarzda bayram arafasida faxriylarni yo‘qlash, yordam va ko‘makka muhtoj fuqarolarga beg‘araz yordam ko‘rsatish, xayriya tadbirlari uyushtirish an’ana tusini olgan. Ana shu harakat allaqachon boshlab yuborildi. Universitetimizga biriktirilgan mahallalarda yashaydigan turli millat vakillari holidan xabar olish, osh tarqatish ishlari, tansiq taomlarni ilinish totuvlik va ahillikning yaqqol ifodasidir. Universitetimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Asaka”,“Darxon”, “Lashkarbegi”, “Mirzakalon Ismoiliy”, “Mustaqillik”, “Nur”, “Oqibat”, “Oqqo‘rg‘on”, “Hamid Olimjon”, “Shahrisabz” mahallalari bilan hamkorlik aloqalari muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa o‘z hayotidan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz qalbida vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otibgina qolmay, Navro‘z ayyomiga xos yangilanish va bunyodkorlik ruhini, ona zaminga mehr va e’tibor, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ifoda etadigan, kishilarni bugungi tinch va farovon hayotni qadrlab, atrof-muhit hamda uning ne’matlarini asrab-avaylashga bo‘lgan mehrini kuchaytirishi tabiiy. “Badanning quvvati taom bilan, ruhning quvvati kalom bilan” degan hadisnamo o‘git bor. Navro‘zning go‘zalligi faqat tansiq taomlar bilangina emas, balki ko‘zlarni quvnatib dillarni yayratuvchi tomoshabop san’atlar bilan hamdir. Uning sayil tarzida tashkil etilishida hikmat bor. Folklor – etnografik ansambllarning, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar va baxshilar, shuningdek, iste’dodli an’anaviy ijrochilar va estrada artistlarining chiqishlari ayniqsa, bayramga zeb beradi. Qadimiy urf-odatlarimizning saqlanib qolishi, rasm-rusumlar turli viloyatlarda turlicha. Har bir viloyat aholisining urf-odatlari, mahalliy taomlari, lapar va o‘laylar, xalq o‘yinlaridan tarkib topgan tomosha san’atlari Milliy tadqiqot universitetimiz fakultetlari talabalariga bo‘lib beriladi. Ular bu vazifani g‘aroyib tarzda sharaf bilan uddalashadi.

Tabiat va jamiyatning bir butunligisiz hayotni tasavvur etish qiyin. Tabiat ham, jamiyat ham o‘z ehsonlarini yoyadigan bayram Navro‘zning ko‘rki, fayzi o‘zgacha. Yangi O‘zbekistonning shukuhi yangi kun – navro‘zning ruhi bilan uyg‘un. Kunning bezagi quyosh bo‘lsa, tunning bezagi oy va yulduzlar. Kun va tunning teng kelish Navro‘zga to‘g‘ri kelsa, eng qisqa kunduz va eng uzun tun yaldo kechasi. Lekin eng yaxshi kun sifatida Navro‘z ulug‘lansa, eng go‘zal kecha sifatida Qadr kechasini e’tirof etilishi diniy-dunyoviy ta’limotda bir xil. Shuning uchun ham Alisher Navoiy “Har tuning Qadr o‘lubon, har kuning o‘lsun Navro‘z”-deya bejiz e’tirof etmagan. Shuning uchun ham Prezident qarorida mamlakatimizda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlanishi topshiriq sifatida qayd etilgan. Har qanday bayram tadbirlariga ma’rifat ruhi, ma’naviyat ozig‘i singdirilishi tabiiy. Tadbirlar doirasida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar uyushtirish, kitob rastalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil qilish, ko‘klam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini yo‘lga qo‘yish masalasi qarorda ta’kidlangan. Bu jarayon o‘ziga xos mablag‘lar talab etishi ham aniq. Mablag‘ zamirida inson qadri va uning dardiga sherik bo‘lish, beg‘araz yordam berish ilinji bor. Bu esa yaqinda o‘tkaziladigan referendumdagi bosh maqsad, ya’ni inson - jamiyat - davlat tamoyilining yetakchi ekanligini asoslashga xizmat qiladi. Olib borilayotgan siyosat va islohotlarning bosh mazmuni va manbai inson omiliga, uning manfaatlariga qaratilgani bejiz emas. Shuning uchun ham Asosiy qonunimiz - Konstitutsiyamizning yangi tahriri xalqchilligi bilan ajralib turishi bejiz emas. Buning isbotini qaysidir ma’noda so‘z yuritilayotgan Qarorda ham aks etganini sezish qiyin emas. Insonga e’tiborning ustuvorligini ushbu ma’lumot orqali bilish mumkin. Bu yilgi hasharda 5 mingga yaqin oilalarning uy-joylari ta’mirlab berilishining nazarda tutilgani, buning uchun 1 milliard 300 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi, shuningdek, bir qator xayriya tadbirlarining tashkil etilishi, 2 mingdan ziyod imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz hamda yakka-yolg‘iz keksalar holidan xabar olinishi, 7 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilishi, buning uchun jami 2 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ning yo‘naltirilishi yuqoridagi muohazalarimizga  asos bo‘la oladi.

Xullas, Navro‘z hayot abadiyligini, tabiatning yasharish, yangilanish qudratini, saxovatini, ajdodlarimizning o‘lmas merosi bo‘lgan urf-odatlarimizni, qadriyatlarimizni namoyon etuvchi bayram sifatida yashab kelaveradi. Muhimi, unda xalqimizga, millatimizga xos yuksak insoniylik, mehr-muruvvat, oqibat, saxovatpeshalik, bag‘rikenglik, samimiylik kabi qadriyatlar mujassam. O‘zaro ishonch, ko‘mak, saxovat va imkoniyat ulug‘ maqsadlar sari eltadi. Mehr-muruvvat bor joyda baraka bo‘lishini bilgan, qadrulabad tuyg‘ularga, olijanob fazilatlarga ega bo‘lgan xalqimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamlab, bunyodkorlik ishlariga astoydil bel bog‘layotganini Yangi O‘zbekiston ruhi va shukuhini his etib Uchinchi Renessansning bunyodkori bo‘layotgan yosh avlodga umid bog‘laganining yaqqol ifodasidir.

     Rahimboy Jumaniyozov,

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti Mabuot xizmati rahbari, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi