TIQXMMI yangiliklari

img
04.03.2023

Qo‘shilmaslik harakati g‘oyalariga qo‘shilish

Mamlakatlararo manfaatlar birligi maslahat va kengashlar orqali natijali bo‘lishiga tarix shohid. Garchi zamon va makon ularning uchrashishlariga izn bermagan bo‘lsa ham ruhan va ma’nan ustoz - shogird sifatida biz ikki xalqning buyuk mutafakkirlari Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning qarashlarida hamdo‘stlik g‘oyalarining uyg‘unligini bilamiz. Joriy yilning 2 mart kuni Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Alievlarning Bokudagi uchrashuvida ham ana shu hamdo‘stlik va hamkorlikning ifodasi namoyon bo‘ldi hisobi.  Prezidentimiz o‘z minnatdorchiligini bildirish asnosida Ozarbayjon yetakchisi raisligi davrida Qo‘shilmaslik harakatining Xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini keskin oshganligini ta’kidlab o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, Qo‘shilmaslik harakati - harbiy-siyosiy bloklar va guruhlarda qatnashmaslikni o‘z tashqi siyosatining asosiy yo‘li deb e’lon qilgan mamlakatlarni birlashtiruvchi harakat bo‘lib, Ikkinchi jahon urushidan keyin paydo bo‘lgan, hozirda u 100 dan ortiq davlatni birlashtiradi. Boku shahrida Qo‘shilmaslik harakati Muloqot guruhining sammiti ham ana shu xayrli faoliyatning davomidir. Ushbu sammitda Prezidentimiz barcha mamlakatlarning manfaatiga mos bo‘lgan umumbashariy muammolarni o‘rtaga qo‘ydi. Bu platforma doirasida o‘zaro ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘lishini va bu yangi sifat bosqichiga, amaliy jarayonga ko‘tarilishi zarurligini qayd etdi. To‘g‘ri, pandemiya juda ko‘plab mamlakatlarga pand berib, o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazgani rost. Lekin shunday davrda ham birdamlik, hamjihatlilik mustahkamlanib borganligi, tashkilot tarixida birinchi bor Parlamentlar, yoshlar qanotlarining tashkil etilgani quvonarlidir. Bu harakatda Qo‘shilmaslik harakatining yetakchisi Ozarbayjon xalqining rahbari Ilhom Alievning ulkan sa’y harakatlari va faol tashabbuskorligi uchun prezidentimiz o‘zining hurmat ehtiromini yana bir karra bildirdi.  Yaqin tarixiy jarayonda, pandemiya va undan keyin turli iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialarning ayanchli oqibatlari xalqlarga jahon ahliga qutqu solgani rost.

 Prezident BMTning oliy minbarlardan turib  tinchlik, hamkorlik g‘oyalarining targ‘ibotchisi sifatida qilgan ishlariga bu chiqishlarida ham sodiq qoldi. Yaqin Sharq mintaqasi va Afg‘onistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global yechimi hanuzgacha topilmagani borasida kuyunchaklik bilan so‘z yuritib barchaning diqqatini  yana bir bor xavfsizlik va barqaror taraqqiyot masalasiga qaratdi. Darhaqiqat,  bunday qiyin va murakkab sinovlar paytida o‘zaro hammaslak va hamkor bo‘lgan xalqlar doimo ezgu maqsadlarni amalga oshirishlarida bir- biridan kuch va ruh olishi tabiiy. Xalqimizga xos tanti va olijanobligini ifoda etish asnosida Qo‘shilmaslik harakatining maxsus monitoring va ilmiy tadqiqot tarmog‘ini tashkil qilish masalasini taklif eta turib ushbu institutni O‘zbekistonda joylashtirishga tayyorligini e’tirof etdi. To‘g‘ri, ana shundagina amaliy ishga o‘tilishi, natija kutilishi, jahonning turli nuqtalarida paydo bo‘layotgan notinchlik o‘choqlarining oldi olingan bo‘lardi. Ayni paytda keyingi davrda kuchayib borayotgan geosiyosiy va mafkuraviy ziddiyatlarga ham qaysidir ma’noda, barham berilgan bo‘lardi. Xuddi shu yo‘l bilan ko‘plab muammolarning, nizolarning global yechimi hal etilardi.  Millat tanlamas illatlar mamlakatlarga qutqu solishi tayin. Ulardan biri terrorizm va ekstremizmdir. Unga qarshi kurash davr talabi, zamon taqozosidir. Bunga qarshi harakat doirasida, tashkilot doirasida amaliy aloqalarni kuchaytirish zarur ekanligini va bu jarayonda turli mexanizmdan foydalanish kerakligini prezidentimiz nutqidan ham bilib olsak bo‘ladi. Qo‘shilmaslik harakati Terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashni olib borishi zarurligiga ishonch bildirildi. Ushbu jarayonda demak, barcha davlatlarni BMT doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish talab etiladi. Bunday muammolarni hal etishda BMTni isloh qilish jarayonida, Xavfsizlik kengashi tarkibida kelgusida Qo‘shilmaslik harakati a’zolarining doimiy o‘rni bo‘lishi kerakligi haqidagi Prezidentimiz mulohazalari barchaga birdek ma’qul keldi. Yakuni ko‘rinmayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatish, o‘zaro hamkorlik sanoat va logistika zanjirlarni uzilmasligi masalalarining ijobiy hal etilishi ham taraqqiyot kafolatidir. Bu esa qayd etib o‘tilganidek, innovatsiyalarni, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarning almashinuvini tezlashtiribgina qolmay, balki to‘rtinchi sanoat inqilobi xususan aqlli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lishi o‘rinli e’tirof etildi.

Ayni paytda har bir xalqning iqboli, jamiyatning ertasi yoshlar bilan bog‘liq ekan, yoshlarga berilayotgan ta’lim - tarbiyaning sifati, samarasi har qachongidan ham muhim. Pandemiya va boshqa iqtisodiy ijtimoiy yetishmovchilik sabab yoshlarning sifatli ta’lim va professional bilim olishlarida bir muncha oqsoqliklar sezildi. Prezidentimiz xavotirli bir jihatni aytib barchaning diqqatini jalb etdi  "Yosh avlodni kelgusida hayotda o‘z o‘rnini topishiga bo‘lgan ishonchi va qat’iyati susayotganligi"ni aytib, buning uchun minglab yoshlarning ongu tafakkuriga buzg‘unchi va radikali mafkuralar ta’siri kuchayib borayotganligini kuyunish bilan e’tirof etdi. Yoshlar qalbi va ongida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashning yangicha uslub va mexanizmlarini shakllantirish zarur. Bu esa targ‘ibotning ta’sirchan uslublaridan biri psixolingvistik metodni qo‘llash, Neyrolingvistik dasturlash (NLP) imkoniyatlaridan foydalanish kerak. To‘g‘ri, quruq so‘z, shunchaki dil tubidan emas, til va qo‘l uchidan qilingan ish samara va natija bermasligi aniq. Yoshlar ongiga Yangi O‘zbekiston ruhi va shukuhini, g‘oya va mafkurasini singdirish uchun Neyrolingvistik programmalashtirishning muhim quroli notiqlik san’ati, nutq mahoratidan foydalanish, ta’sirchan va asosli so‘z aytib, fikr yetkaza oladigan tajribali voiz va notiqlarni tayyorlash kerak. Ularni yosh avlod tahsil olayotgan muassasalarda uchrashuvlarini tashkil etish maqsadga muvofiq. Bu esa davlatimiz rahbari o‘z nutqida taklif etgan Yoshlar tarmog‘ining "Cheksiz imkoniyatlar sammiti"ni kelgusi yil Samarqandda tashkil etish rejalari borasidagi takliflarining amaliy ifodasi bo‘lishi, shubhasiz.  Ushbu nutq orqali jahon ahli bu hamkorlikni har tomonlama keng qamrovli ekanini, bu maqsadlar istiqbolni o‘ylab qilingan va tashlangan dadil qadam ekanligini his etdi desak, xato bo‘lmaydi.

              Rahimboy Jumaniyozov,

Professor, "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi