TIQXMMI yangiliklari

img
04.03.2023

Yuqori nufuzli anjuman

2023-yilning 2 va 3 mart kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti-milliy tadqiqot universitetida “Fanda ayollarning o‘rni” mavzuidagi milliy muloqat nomli xalqaro anjuman tashkil etildi. Ushbu nufuzli konferensiyaning hamkorlari “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, UNESCO ning Almata shahridagi vakolatxonasi, Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ilm-fan sohasida ayollar tashkiloti (OWSD), O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi hamda  Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekiston Respublikasidagi Vakolatxonasi, “Oila va mahalla” ilmiy tadqiqot instituti, Respublika “Oqila ayollar” harakati jamoatchilik tashkiloti,  O‘zbekiston Davlat jahon tillari, Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universitetidir. Anjuman ishini universitetimiz prorektori Tohir Zokirovich Sultanov ochib berdilar. So‘ngra Oila va ayollar qo‘mitasi rais o‘rinbosari Karima Norkulova, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi Bosh maslahatchisi Elmurod Najimov, professor Oynisa Musurmonovalar o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Fan, texnologiya va innovatsiyada gender tengligiga erishish bo‘yicha tajriba almashish, xususan, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda ayollarning qarorlar qabul qilishida va barqaror rivojlanishda erishilgan yutuqlarga hissa qo‘shish anjumanning asosiy maqsadidir.

UNESCO ning Statistika instituti tadqiqotlariga ko‘ra, qizlar fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM)) yo‘nalishi bo‘yicha o‘g‘il bolalar kabi ijobiy yutuqlarga erishayotganiga qaramay, bugungi kunda bu soha olimlarining faqat 30% ni ayollar tashkil etmoqda. O‘zbekiston hukumati STEM) ta’limini faol ravishda targ‘ib qilmoqda va yoshlarni fan, texnologiya, innovatsiya va tadbirkorlik sohasida yuqori natijalarga erishishlarini  munosib rag‘batlantirmoqda. 2019 yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekiston Respublikasidagi Vakolatxonasining tashabbusi bilan “O‘zbekiston tog‘ va vodiy o‘rmonlarini barqaror boshqarish” FAO / GEF loyihasi doirasida O‘rmon xo‘jaligi sohasida Gender tengligi strategiyasi ishlab chiqilib, bugungi kunda samarali amalga oshirilmoqda. Ushbu anjumanda ayollar va qizlarning ilm-fandan to‘liq va teng foydalanishi va ishtirok etishiga erishish, shuningdek, gender tengligi, ayollar va qizlarning huquqlarini kengaytirishga erishish masalalari keng muhokama qilindi. Mazkur anjumanda jamiyatimizning fan va texnologiyalar sohalaridagi yetakchi ayollar, xususan, o‘qituvchilar, talabalar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi. 

Anjumanda quyidagi mavzular muhokama qilinadi:

- yuqori natijalarga erishgan ayollar siymosi va gender tenglik;

- innovatsion texnologiyalar va STEM;

- oziq-ovqat xavfsizligi, salomatlik va ekologik barqarorlik;

- barqaror rivojlanish maqsadlari va yoshlar, ijtimoiy innovatsiyalar va tadbirkorlik;

- ilm-fan taraqqiyotida olima ayollarning o‘rni;

- Yangi O‘zbekistonda olima ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash;

- Ayollar ijtimoiy faolligini oshirish, ularning oila va jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish.

Anjuman fanda gender tengligini takomillashtirish, ayollar, fan va texnologiya sohasidagi siyosatni ishlab chiqish, monitoring qilish va amalga oshirishda gender jihatlarini tushunishning asosiy yo‘nalishlari, mavjud sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha harakatlar rejasi bo‘yicha asosiy sa’y-harakatlarni belgilab beradi.    

“Professional ta’lim”  kafedrasi izlanuvchisi Durdona Mustafoeva axboroti

Universitet Matbuot xizmati