Tyutorlar talabalar tartib-intizomiga javobgar
Ta'lim muassasalari tizimida mas'ullik va majburiyatni his etish ta'limiy-tarbiyaviy jarayonni tartibga keltirish demakdir. Buning uchun bir-birovning faoliyatiga javobgarlik masalasi kundalik muammoga aylangani bejiz emas. Institutimizda 11 - noyabr kuni soat 11.00 da tashkil etilgan tadbir aynan tyutorlik faoliyatini tashkil etish va shu xususdagi seminar-treninglar yakuni masalasiga bag‘ishlandi. Ushbu "Ma'naviyat kengashi"ning kengaytirilgan yig‘ilishini institut prorektori Ruzimurat Choriyev boshqarib borish asnosida bu masalaning jiddiy va dolzarb ekanligini ta'kidlab qator taklif va mulohazalarni bildirib o‘tdi. Shu haqda professor Zuhra Ismoilova, QXM fakultetining dekan o‘rinbosari Kamoliddin Usmonovlar o‘z mulohazalarini bildirdi.
So‘ngra ikkinchi masala xususida SXTEB fakultetining Tyutorlardan biri Islombek Xolbo‘tayev "Talabalar bilan tanishuv va ularning shaxsiy va guruh elektron ma'lumot bazalarini shakllantirish" borasida taqdimot qildi. U o‘ziga biriktirilgan 7 guruh 135 ta talabaning qiziqishi va faoliyatiga mas'ulligi bobida so‘z yuritdi. Keyin QSXET fakultetining tyutorlaridan biri Zilola Nuraliyeva ham Tyutor talaba salohiyatini yuzaga chiqarishda ko‘maklashuvchi shaxs ekani borasida so'zlay turib maqsadsiz talaba yelkansiz kemaga o‘xshashini e'tirof etdi. Shuningdek, mazkur yig‘ilishda tyutorlar tomonidan ikki hafta ichida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Kengash tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilanib olindi. Tadbirda ishtirok etgan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, tarbiyachi pedagoglar, institut xotin-qizlar kengashi raisi, ТТJ direktori, institut psixologi, madaniyat saroyi direktori, Yoshlar ittifoqi yetakchisi va boshqa mutasaddilar ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati