TIQXMMI yangiliklari

img
23.01.2023

Sermazmun umr mezoni yoxud Baxt daraxti

       Ajdod va avlodlarning uzilmas birligi sulola demakdir. Sulola so‘zining ma'nodoshlaridan biri shajaradir. Shajar arabcha so‘z bo‘lib, ma'nosi daraxt demakdir. Daraxtning ildizi, tanasi, shoxu novdalari, bargu mevalari bo‘ladi. Bu sulolaning, naslning ramziy mazmun-mohiyatini ifodalaydi. Daraxtning ildizi, tanasi baquvvat bo‘lsa u meva ham, soya ham beradi, albatta, mevali daraxt bo‘lsa.

        Daraxtning qiymati uning soyasi va mevasida bo‘lsa jamiyatning, xususan insonning mohiyati uning g‘oyasi va shevasida bo‘ladi. G'oya maqsad va orzular, sheva esa yo‘l, usul, hayot tarzi demakdir. Hayot atalmish umr so‘qmoqlarida inson toblanadi. El  eʻtiboriga tushadi, eʻzozlanadi. Buning uchun ibratli hayot yoʻli va munosib faoliyat zarur. Oʻzining ilmi va pedagogik faoliyati bilan jamoamizning hurmatini qozongan ustozlardan biri “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti dotsenti, texnika fanlari nomzodi Isajon Marupovdir.

           Isajon Ma'rupov chinakam ma'noda Baxt daraxti timsolidir. Xalqimizning daraxt bir joyda ildiz otadi degan naqli bejiz emas. Ustozning hayotiy faoliyati shunga monand. Sal kam oltmish yil bir joyda, bir kafedrada ishlashning o‘zi kasbga sadoqatni va ilmu fanga, pedagogik faoliyatga bo‘lgan mehrni, fidoyilikni, shaydoyilikni talab etadi.

            Dastavval, o‘z mehnat faoliyatini Andijon viloyati sobiq Moskva tumanidagi neft ta'minot tarmog‘i yonilg‘i moylash materiallari muhandisidan boshlagan bo‘lsalar keyingi faoliyati Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining "Traktorlar va avtomobillar"  kafedrasi bilan chambarchas bog‘langan. Avvalo, shu kafedraning laboratoriya mudiri, aspiranti, assistenti, katta o‘qituvchisi lavozimlarida ishlab yosh avlodga mutaxassislik fanidan saboq berib kelganlar. Ayni damlarda ham xuddi shu kafedraning dotsenti, texnika fanlari nomzodi sifatida faoliyat yuritib kelmoqdalar.

            Ularning 80 yoshga toʻlishi munosabati bilan 2023 yil 20  yanvar kuni Universitetning kengaytirilgan kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Universitet kengashi aʼzolari, hamkor tashkilot vakillari va nufuzli mehmonlar ishtirok etdi. Tadbirni universitet rektori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovich kirish so‘zlari bilan ochib Isajon Ma'rupovni qutlug‘ yoshlari bilan muborakbod etdi. Ustozning bosib o‘tgan hayot yo‘li bilan yig‘ilganlarni qisqacha tanishtirib o‘tgach, universitet rahbariyati va jamoasi nomidan sovg‘alar hamda manzilli tabriknomani taqdim etdi. "Suv xo‘jaligi a'lochisi" ko‘krak nishoni bilan qutladi.

          So‘ngra ustozni tabriklash uchun tashrif buyurgan insonlar birin-ketin o‘z istaklarini bildirib, sovg‘a-salomlarini topshirishdi. Dastavval, Respublika Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Azim Nazarov, O'zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi raisining o‘rinbosari, iqtidorli jurnalist Sharof Ubaydullayevlar o‘z samimiy tilaklarini bildirishdi.

              Sharof Ubaydullayev yubilyar ko‘ksiga "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishonini qarsaklar sadosi ostida taqib qo‘ydilar. So‘ngra universitetimiz dekanlari, kafedra mudirlari, Buxoro filialimizdan kelgan o‘qituvchilar va ustozning qarindosh-urug‘lari o‘z tabriklari bilan chiqishdi.

             Ilmiy Kengash yig‘ilishidan so‘ng Ma'rupov Isajon Ma'rupovichning 80 yoshligi munosabati bilan ular sharafiga yozilgan dasturxon atrofida ham dil izhorlari, samimiy tilaklar davom etdi. Baxt daraxtiga mengzaganimiz Isajon otaning chinakam baxtu taxti Sanobarxon aya bilan farzandu nevaralarining qurshovida sog‘u omon bo‘lib, orzu-umidlarining ushalayotganidir.

          Prezidentimizning insonga e'tibor va sifatli ta'lim haqidagi g‘oyalarini universitetimiz jamoasining faoliyati misolida hamda yoshi ulug‘ insonlarning qadru qiymatini o‘z joyiga qo‘yish va e'zozlashdek sharafli ishlarida yaqqol ko‘rish mumkin. O'zining sermazmun va ibratli hayot yo‘li bilan shogirdlari, oila a'zolarining ehtiromida bo‘lgan ustoz Isajon Ma'rupovga sihat-salomatlik, kuch-quvvat va metindek iroda va barcha yaqinlari baxtiga doimo omon bo‘lishlarini tilab qolamiz!

Rahimboy Jumaniyozov

 "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti professori, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi