TIQXMMI yangiliklari

img
19.12.2022

Giyohvandlik – umr zavoli

Joriy yilning 17 dekabr kuni universitet psixologi M.K.Muhammedova va GTQ fakulteti tyutori X.R.Saidovalar hamkorligida GTQ fakulteti 103-guruh talabalari bilan "Giyohvandlik – umr  zavoli, taraqqiyot kushandasi" mavzusida seminar trening tashkil etildi. Tadbir talaba yoshlarga sog'lom turmush tarzini targ'ib etish, giyohvand moddalarning zararli oqibatlari haqida tushuncha berish va ushbu xafni oldini olish chora tadbirlarini targ'ib qilish maqsadida tashkil etildi. Tabirda GTQ fakulteti tyutori X.R.Saidova o'z nutqida: ”Bugungi kunda giyohvandlik – XXI asrning global muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. O'rta asrlarda insoniyat hayotiga jiddiy xavf solgan vabo va o'lat kabi ofatlar bugungi sivilizatsiya zamoniga kelib o'z o'rnini giyohvandlik illatiga bo'shatib berdi, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi. Sog'lom turmush tarzini olib borayotgan kishi bilib-bilmay bu ko'chaga kirib qolsa, o'zining tinch, farovon va baxtli hayotini qora zulmatga aylantirishi ayni haqiqat. Giyohvand kishi nafaqat o'ziga, balki yaqinlariga ham to'xtovsiz azob beradi. Undan tug'ilajak farzandlar esa ota-onasining xatosi oqibatida bir umrga majruhlik qismatiga mubtalo bo'ladilar.Ba'zan giyohvandlik qurboniga aylanib qolgan insonlarning qismatini ko'rib, ularga nisbatan nafrat, qahr va rahm tuyg'ularining uyg'onishi tabiiy. Ularning quriyotgan daraxt misol umri evaziga ayrim qora niyatli yovuz kimsalarning hamyoni qappaymoqda. Odam qiyofasidagi bunday maxluqlarning qora og'uni voyaga yetmagan yoshlar orasida tarqatib, uni iste'mol qilishga targ'ib qilayotganiga jim qarab turib bo'lmaydi, albatta. Dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, bor kuch-g'ayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar o'rganishga sarflashi kerak bo'lgan bir paytda, o'smirlarni aldov yo'li bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotgan kimsalar ozmi? Qanchadan-qancha oilalarning yostig'ini quritayotgan giyohvandlikka qarshi har birimiz kurashmog'imiz, tashqi ta'sirlardan himoyalanmog'imiz lozim”, degan fikrlarni bildirib o'tdi.

Universitet psixologi M.K.Muhammedova: “Bugun giyohvandlik girdobiga mubtalo bo'layotganlarga qarata bir og'iz gap aytish kerak. “Hayot go'zal, yashash yaxshi. Har qanday muammoni hal qilish mumkin. Shu sababli o'zingizni chohga tashlamang. Agar siz o'lim suyuqligi solingan shpritsni qo'lingizga olar ekansiz, kelajagingizni umrbod qorong'ulik qa'riga tashlashingizni unutmang. Unutmang qo'lingizga giyohvand modda berilar ekan, Siz “yo'q” degan qat'iy so'zni ayting. Shundagina joningiz omonda qoladi. Yurtimizda aholini narkotik moddalar va boshqa taqiqlangan  illatlar zararidan  ogohlantirish,  sog'lom  hayot  tarzini  keng  targ'ib  qilish,  ushbu ezgu maqsadlarga qaratilgan tadbirlardagi targ'ibot va tashviqot ishlari,  media-kompaniyalar, shuningdek ijtimoiy  roliklar  samaradorligini  yanada  oshirish  bugungi kunning dolzarb talablaridandir. Ushbu zaminda yashayotgan aziz talabalarimiz! Sizlar o'tmishi qadim, tuprog'i oltin, osmoni musaffo O'zbekistonning kelajak vorislarisizlar. Sizlar mana shunday sog'lom muhitda, ezgu tushunchalarni yuraginglarga joylab olinglarki, hech qanaqa tashqi salbiy xurujlar va qora illatlar o'pqoni sizlarni o'ziga jalb qila olmasin”, dedi. Tadbir davomida mavzuga oid trening o'yin mashg'ulotlari o'tkazildi. Barcha talabalar tadbirda faol qatnashishdi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati