Talabalarni ruhlantirgan ustoz
Biz qatorilar ularni motivatsion ruh va ilhombaxsh kuch baxsh eta oladigan ustozlarning eng sarasi va noyobi deb bilishadi. Ular borgan davrada jonlanish, ayricha fayz hukmron bo‘ladi. Ayniqsa, ma’naviyat va ma’rifat fidoyisi sifatida respublikamizning turli hududlarida iqtidorli voiza, faol notiqa sifatida yaxshi bilishadi, fidoyiliklarini ko‘rib hayratdan yoqa ushlashadi.
Gap ustozimiz falsafa fanlari doktori, psixolog, siyosatshunos olima, Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi eksperti, faxriy jamoatchi, notiqlik bo‘yicha xalqaro toifadagi trener, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, "Mehnat shuhrati" ordeni va yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishdagi samarali mehnati va ibratli faoliyati uchun “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibasi Jamila Toshpo‘latovna Shermuhamedova haqida.
Ularning navbatdagi tashrifi "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetiga bo‘ldi. Ularning tashrif buyurishlaridan voqif bo‘lgan birinchi bosqich talaba qizlari va professor o‘qituvchilar allaqachon muhtasham Madaniyat saroyimizda jam bo‘lib ularni intizorlik bilan kutishardi. Tadbir avvalida universitet xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, professor Zuhra Karabaevni Ismoilova so‘zga chiqib bugungi tadbirning mazmun va mohiyati haqida hamda ustoz Jamila Shermuhamedovaning faoliyati borasida qisqacha to‘xtalib ularga so‘z berdi.
Ustoz "Globallashuv jarayonida yoshlar imiji - bugungi eng muhim muammolardan biri yoshlarning o‘zini anglashi va jamiyatda o‘z o‘rnini mukammal bilishi" mavzuida hayotiy misollar bilan qiziqarli tarzda talabalar ongiga jo etish uchun kommunikatsion va motivatsion singdirish mexanizmini ishga soldilar. Talabalar churq etmasdan tinglab ancha ma’naviy ozuqa oldilar. Mavzu yuzasidan talabalarning savollariga to‘la va aniq javob berildi. Tadbir yakunida universitetning birinchi prorektori Ruzimurod Choriev ustoz Jamila Toshpo‘latovnaga rahbariyat nomidan samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Rahimboy Jumaniyozov
TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti professori