TIQXMMI yangiliklari

img
01.11.2022

Vatan fidoyisi va she'riyat shaydoyisi

2022 - yil 31 - oktyabr kuni “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti tyutorlari D.Xursandova, X.Saidova, A.Xaydarov boshchiligida fakultetning 50 nafardan ortiq faol, iqtidorli talabalari O‘zbekiston Qahramoni, madhiyamiz matni muallifi Abdulla Oripovni xotirlash maqsadida “Adiblar xiyboni”dagi shoirning haykali poyida katta tadbir uyushtirildi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, shoira Farog‘at Xudoyqulova ishtirok etdi. U shoir ijodi haqida talabalarga gapirib, o‘z ijodi namunalaridan o‘qidi. Bundan ilhomlangan talabalar shoirning she’rlaridan kuyga bastalangan mashhur ashulalarni jonli ovozda ijro qilishdi.

Ma’lumki, Qashqadaryo vohasida qadimda ko‘plab allomalar, donishmand mutafakkirlar yashab o‘tganlar. Shu insonlardan biri ayni paytda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan noyob iste’dod sohibi edi. Uning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko‘nglidan joy olgan. Dramatik va publitsistik asarlari, doston va tarjimalari adabiyotimiz rivojiga juda katta hissa bo‘lib qo‘shilgan.

Shoir fusunkor, nafosatga boy, rang-barang tuyg‘ular aks etgan she’rlar yaratdi. Qalbidagi tug‘yonlarni kitobxonlarga ham yuqtirdi. Bu, o‘sha paytda adabiyotda o‘ziga xos yangilik edi. Shuning uchun zamondoshlari uni “adabiyotga chaqmoqdek kirib keldi va she’riyatda o‘z olamini yaratdi”, deb e’tirof etdilar. Har bir inson uchun ota-ona, oila, tug‘ilib o‘sgan zamin, yashayotgan o‘lka, uning havosi, tuprog‘i, suvi, giyohi nihoyatda qadrli hisoblanadi. Ularning hammasi qo‘shilib yaxlit Vatan degan ulug‘ tushunchani hosil qiladi. Haqiqiy iste’dod egasi bo‘lgan shoirlar esa Vatan qiyofasini badiiy aks ettiruvchi, uning dardlari, quvonchlari, orzu-umidlari, o‘tmishi, kelajagini namoyon etuvchi xalqning vijdoni hisoblanadi. Abdulla Oripov ana shunday shoirlar sirasidan sanaladi. Uning yarim asrdan oshiq vaqt ichida yaratgan asarlarida ona yurtga, ona Vatanga, O‘zbekistonga muhabbati ufurib turadi. Shoir yurtga ehtirom vijdondan, mehr-oqibat, xalqqa muhabbat, qalbdan boshlanadi, deydi. Bir so‘z bilan aytganda, shoir she’rlarida Vatanga baxshida qalbning va qalblarning tug‘yonlarini aks ettirdi. Buyuk shoirimiz qalblarimizda abadiy yashaydi.

                  Universitet matbuot xizmati