Ustozlar ko’ngli shod bo’ldi
Ustozlar har qancha ulug’lansa, qadrlansa baribir kamdek tuyulaveradi. Chunki ularning bergan ta’limlari oldida hamisha qarzdormiz. Ona xalqimizning “Ustoz - otangdek ulug’” deya bejiz aytilmagan. Shu munosabat bilan “Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliiy tadqiqot universitetida bayram dasturi tashkil etildi. Dastavval, ta’lim muassasamizda faoliyat yuritgan, mehnati singgan ustozlarni yod etish mazmunidagi videorolik namoyish etildi. Jumladan, sobiq va sodiq rektorimiz Umurzakov O’ktam Pardayevichning siymosi, faoliyati aks etgan lavhalar monitorda jonlandi.
Bayram tadbirni universitet rektori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovich o’zlarining tabrik so’zlari va kirish nutqi bilan ochib berdi. Shuningdek, barcha professor- o’qituvchilarni, Zoom orqali ulanib bayram dasturida onlayn tarzda ishtirok etayotgan, ayni damda chet elda tadqiqot olib borayotgan ustozlarni, “TIQXMMI” MTUning Qarshi hamda Buxoro viloyatlari filialida faoliyat yuritayotgan o’qituvchilarni ham kasb bayramlari bilan muborakbod etdi.
Bayramga tashrif buyurgan mehmonlarlarning samimiy qutlovlaridan barcha quvondi. Prezident maslahatchisi Abdurahmonov Odil Qalandarovich hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri Toshqulov Abduqodir Xamidovich ham o’z iliq istaklari orqali barchani qutladi. Bayramning tabrik qismi tugab kuy-qo’shiqlarga ulanib ketdi. “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Zarb” guruhi yigitlari qoyilmaqom tarzda doiralar chalishdi, uning sadosiga esa jajji raqqosa qizlar raqs tushishdi.
“Muazzam”, “Bahor” raqs ansambllarining go’zal qizlari ijrosidagi raqslar ham barchaga manzur bo’ldi. O’zbekiston va Qoraqalpog’iston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev taronalari ham ko’ngillarni xushnud ayladi. “Tanovar”ga ustoz ayollar ham raqsga tushib davraga o’zgacha kayfiyat ulashishdi. O’zbek va qoraqalpoq opera xonandasi Jenisbek Piyazov ashulalari bayram dasturini yanada jonlantirganini ta’kidlash o’rinlidir. Xullas, bir so’z bilan aytganda, bayram dasturi ko’tarinki kayfiyatda barchaning ko’ngliga xushchaqchaqlik baxsh etish asnosida nihoyasiga yetdi.
Tyutor Zilola Nuraliyerva axboroti
Universitet matbuot xizmati