TIQXMMI yangiliklari

img
27.09.2022

Muvaffaqiyatning uch tomiri

Prezidentimiz ta’lim tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ma’naviy - ma’rifiy muhitni zamon talabiga moslash, o‘qituvchi kasbining, nufuzini oshirish, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’limga joriy etishga katta e’tibor qaratish masalalariga jiddiy yondashish va shu bilan birga, o‘qituvchilar oyligini oshirish va rag‘batlantirib borish borasidagi islohotlari o‘z natijasini ko‘rsatayotgani sir emas. Demak, bu esa bizning erishayotgan yutuqlarimizning tasodifiy emasligining kafolatidir. Ta’lim tizimida erishilayotgan muvaffaqiyatlar, avvalo davlatimiz rahbarining sohaga e’tibori va rahnamoligi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan pedagogik jamoaning yakdilligi, ilm-fanga va o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu qolaversa, o‘quv va pedagogik jarayonning tizimli asosda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bilan izohlanadi.

"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universitetimizning Oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingida eng yuqori natija qayd etgani, ya’ni sharafli birinchi o‘rinni bu yil ham o‘z qo‘lida saqlab qolgani hammamizning iftixorimizdir. Milliy reytingdagi bu g‘alabamiz ta’limiy-tarbiyaviy jarayonga bo‘lgan mas’uliyatimizni yanada oshirishi tabiiy.  Ta’lim tizimida, jumladan, oliy ta’limda amalga oshirilgan islohotlar natijasida yuz bergan o‘zgarishlar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan katta tarixiy ahamiyatga ega. Amalga oshirilgan islohotlar nafaqat mamlakatimizda katta ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi, hatto xalqaro maydonda ham mamlakatimiz ob’ro‘-e’tiborini yangi bosqichga olib chiqdi. Bu borada milliy tadqiqot universitetimining alohida o‘rni borligini faxr bilan ta’kidlash joiz.

Oliy ta’lim islohotlarining muhim qirralaridan yana biri yoshlarimizning bir vaqtda bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish masalasi edi. Mamlakatimizda ancha yillardan buyon faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim maskanlarining qabul jarayoniga havas bilan qarab kelar edik. Zero, bir vaqtning o‘zida mamlakatimizdagi hamma xorijiy oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish mumkin edi. Bu holat bizni ham hayratga solib havasimizni keltirgandi. Prezidentimiz aynan ana shu masalada “Yoshlarimizga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berishimiz, o‘ylaymanki, ularning ta’lim olish huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi”, - deb ta’kidlagan edilar. Buning isbotini aynan "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetining “International house Tashkent" akademik litseyi misolida ko‘rishimiz mumkin. Ana shu akademik litseyning o‘quvchisi Abdulaziz Vahobovning yakka o‘zi 95 ta universitetga onlayn hujjat va imtihon topshirib talaba sifatida taklif etilgani buning yaqqol misolidir. U hozirda Arizona universitetining talabasi sifatida davlat granti asosida o‘z o‘qishini muvaffaqiyatli tarzda davom ettirmoqda.

Kuni kecha ta’lim sifatining alohida ko‘rsatkichlari bo‘yicha akademik litseylar reytingida eng yuqori ko‘rsatkichga Milliy tadqiqot universitetimizning “International house Tashkent" akademik litseyining ega bo‘lgani ham yuqoridagi fikrimizning tasdig‘idir. Muvaffaqiyatimizning uchinchi ildizi Oliy ta’lim muassasalari filiallari reytingida "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti Buxoro filialining birinchi o‘rinni egallagani ham bizning sa’yi harakatlarimiz va iftixorimiz manbaidir. Bu muvaffaqiyatlarimiz Muhtaram Prezidentimizning «Ta’lim-tarbiya — bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi. Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q” - degan fikrlariga javoban bo‘lgan izlanish va intilishlarimizning hosilidir.

Har qanday inson tomirlarining kuch-quvvat manbai undagi sof, toza qonning oqib turishidadir. Jamoadagi sog‘lom muhit, sof qalb, izlanuvchanlik va ishchanlik hissi esa bu zafarlarimizning garovidir. Ushbu yutuqlarda o‘zining fidoyiligi va ilmiy-pedagogik salohiyati bilan ajralib turadigan jamoamizni ushbu muvaffaqiyat bilan yana bir bor qutlaymiz. Ayni paytda xuddi shu shijoat va burchdorlik tuyg‘usini teranroq his etishlari asnosida yanada jadalroq faoliyat yuritishlariga ishonamiz. G‘alaba muborak, ustozlar!

Rahimboy Jumaniyozov

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining dotsenti