Ma’naviy targ‘ibotning ta’sirchan mexanizmi
Har qanday illat ruhiyatdan tanaga ko‘chadi. Biz ko‘pincha, tanani davolashga kirishib ketamiz. Vaholanki, ruhiyatni davolash kerak. Agar ruhiyat sog‘lom bo‘lsa, tana ham sog‘lom bo‘ladi, tezda tuzaladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Iqtisodiyot jamiyatning tanasi bo‘lsa, ma’naviyat uning joni va ruhidir” deya bejiz e’tirof etmagan. Demak, jon va ruhsiz badan shunchaki jasad. Jon, jasad ruhning birligi bilangina odamzod hayot. Xuddi shu ma’noda, ma’naviyat va ma’rifat jamiyatning ruh va jon ozig‘idir. Undan kuch oladi, nur emadi. Ulug‘vor maqsadlar sari intiladi. Insonni harakatlantiruvchi kuch ham unga berilgan ruhiy quvvat, ko‘tarinki kayfiyat, ruhiyat tetikligidir.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda "ma’naviyat eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz." U qachon qudratli qurol bo‘ladi, qachonki, uning ta’sirchanligi ta’minlansa. Gap ijobiy va ijodiy ta’sirda, targ‘ibotning ma’naviy ta’sir kuchida. Ta’sirchan kuch vositalaridan biri esa bu so‘z, nutq. Qolaversa, maqsadli ma’rifiy harakatning hamda tiniq va teran tafakkurning in’ikosi ham aslida, so‘z, jozibador nutqdir. San’atning, iste’dodning yorqin namoyoni ham u bilandir. Bu esa bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari va siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda o‘z ahamiyatini yaqqol ifoda etayotgani ham rost. Yangi O‘zbekiston shukuhi, Uchinchi Renessansning mazmun-mohiyati va pirovard maqsadlarimizni omma ongiga ta’sirchan tarzda yetkazish bilan izohlanadi. Teran tafakkur, til, ta’sirchan nutq, aniq maqsadli harakat imkoniyatlarini istifoda etish mexanizmlarini bilish va unga amal qilish natija va samaradorlikka keng yo‘l ochadi. Nemis mutafakkiri Yogan Gyote shunday yozgan edi: “Qayoqqa borayotganingni bilmasang, uzoqqa bora olmaysan”. Demak, maqsad qo‘yish psixotexnologiyasini bilish lozim. Aniq maqsad esa harakat qolipidir.
Demak, Yangi O‘zbekiston mafkurasi va g‘oyalarini ommaning qalbu shuuriga singdirishda ta’lim va tarbiya va unga jonu ruh baxsh etuvchi ma’naviyat va ma’rifatning samarali mexanizmlari hamda uslublarini takomillashtirish davr talabi. Bunyodkorlik yo‘lidagi qurilishlar xalq ongu tafakkuridagi burilishlar bilan uyg‘un bo‘lgandagina kishida yaratuvchilik ishtiyoqi, ulug‘ ishlarga safarbarlik, vatan tuyg‘usi tobora mustahkamlanib boradi. Targ‘ibotning asl mohiyati ta’sirchanlik talabi, tashviqot shavqi bilan. Demak, har bir targ‘ibotchi u xoh shoir, xoh olim, xoh qo‘shiqchi yoki aktyor, xoh teatr va kino san’ati ustasi bo‘lsin, barchasi targ‘ibotchining ta’sirchanlik darajasini obdon egallagan bo‘lishi kerak. Aslida, targ‘ibotchi mahorati ham shu bilan belgilanadi. U qaysi so‘zni qachon, qaerda, qanday qilib, eng muhimi qancha aytishni bilishi kerak. Bu qolaversa, uning didi, aql-idroki, fahm-farosatining belgisidir. Har bir davraning o‘ziga xosu mos “iqlim”i bo‘ladi.
So‘z mulkining sultonlaridan hazrat Navoiy shuning uchun ham odamning ta’bi so‘z bilan, taomning ta’mi tuz, suvning ta’mi muz bilan deb bejiz aytmaganlar. Xuddi shu ta’sirchanlik darajasini egallashimiz bir tomondan mas’uliyat hissi va majburiyat burchiga daxldor bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘zimizga va aytadigan so‘zimizga bog‘liq. Muhimi, xalqning kayfiyatini ko‘tarish, ruxiyatini tetik qilish bugungi bunyodkorlik ishlarida o‘z kasbi, qobiliyati nuqtai nazaridan faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadga muvofiq. Davlatimiz rahbari da’vati bilan aytganda “Biz yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz”.
Prezidentimizning tashabbusi bilan boshlangan ziyoli va ma’rifatparvarlardan tarkib topgan ma’naviyat, madaniyat va san’at karvoni xalqimiz orasida, mahallalarda, jamoa korxonalari va ta’lim muassasalarida bo‘lib samimiy uchrashuv va ijodiy muloqotlar tashkil etishda yuqoridagi fikr va qoidalarga mos holda ish olib borgani quvonarlidir. Ma’rifat va ma’naviyat targ‘ibotchilari Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasida bo‘lib ancha tajriba orttirish asnosida targ‘ibotning ta’sirchan shakl va metodlarini yaratayotgani va istifoda etayotgani ham ibratga loyiq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining joriy yil 7 sentyardagi yig‘ilishi bayonnomasiga asosan Surxondaryo viloyatidagi mahallalarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar ijodiy uchrashuvlar konsert dasturlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi topshiriqlariga muvofiq Surxondaryo viloyati bo‘ylab muvaffaqiyatli safar uyushtirildi. Bir hafta mobaynida viloyatning tumanlaridagi barcha mahallalarda, jamoat tashkilotlarida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va odamlar hayotiga ijobiy ta’sirini aniq hayotiy misollar orqali odamlarga sodda va tushunarli shakllarda yetkazib berish bobida tajriba orttirish dolzarb masala. Shu maqsadda madaniyat va san’at namoyandalari, yozuvchi va shoirlar hamda ma’naviyat targ‘ibotchilarini keng jalb etgan holda respublikamizda shahar va qishloqlar, mahallalarda aholi bilan jonli muloqotlar uyushtirish, konsert dasturlari va ijodiy uchrashuvlar tashkil etish, milliy filmlarni namoyish etish tajribasi amalda yaxshi natijalar berayotgani sir emas. Bu ishga mutasaddi vazirliklar, tegishli tashkilotlar barchasi jalb etilgani bois tadbirlar o‘ziga xos ravishda, tizimli tarzda amalga oshirildi.
Buning uchun mamlakatimizning har bir fuqarosi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oyaning mohiyatini idrok etishi zarur. Bu borada targ‘ibotchilarning faoliyati juda muhimligi ayon. Kamina ham ma’naviyat targ‘ibotchisi sifatida dastavval, Qashqadaryoda so‘ng Farg‘ona, Samarqand, Qoraqalpog‘istonda keyin esa Surxondaryo viloyatida bo‘ldi. Qarsak ikki qo‘ldan chiqadi deganlaridek, tashkilotchilik ham ko‘ngildagidek bo‘lganini ta’kidlash joiz. Targ‘ibotchilarning o‘z faoliyatini emin-erkin namoyish eta olishi, xalq qalbiga yo‘l topishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini ham e’tirof etish o‘rinlidir. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, ishchi guruh rahbari Nodir Xolbo‘taev boshchiligidagi tumanlarga biriktirilgan mas’ul rahbarlarning faolligi ham e’tiborga molik.
Biz esa maxsus tuzilgan reja-jadvalga muvofiq Denov tumanidagi mahallalar, jamoa tashkilotlari va ta’lim muassasalarida bo‘ldik. Xalqning dardu tashvishlariga oshno bo‘lish, ulug‘vor maqsadlar sari olib borilayotgan siyosat va islohotlarning mohiyatini tushuntirish, bugungi taraqqiyot va bunyodkorlik ishlari va shu yo‘ldagi zahmatkash insonlarning qadriga yetish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning xonadonlariga borib ular holidan xabar olish kabi vazifalarni o‘z chiqishlari mobaynida har bir targ‘ibotchi his etib turdi. Bu tuyg‘u targ‘ibotchining teran mulohazalari, faktik ma’lumotlarga asoslangan nutqlarida, taniqli aktyorlarning chiqishlari, mashhur hofiz va qo‘shiqchilarning dilgir xonishlari, ayni paytda kino san’ati ustalarining taqdim etayotgan film premeralari namoyishida ham to‘la aks etdi. Bularning barchasi xalqning e’tiborini tortibgina qolmay, balki bugunning qadriga yetish, istiqbolga ishonch bilan intilish borasidagi g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shishi jihatidan ham qiymatlidir. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qismlarida va Ichki ishlar vazirligining tuman bo‘limi boshqarmasida bo‘lganimizda ham ular qalbidagi vatanga bo‘lgan qaynoq mehru muhabbatni tuydik, savol va javoblari orqali e’tiborga molik bo‘lganlarga kitoblar guldastasini ulashdik.
Ayniqsa, yangi ochilgan Denov Tadbirkorlik va pedagogika institutidagi uchrashuvda talabalardan tortib professor o‘qituvchilargacha barchaning jo‘shqin tarzdagi ishtirokini aytib o‘tmaslik mumkin emas. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Bahodir Nishonov va Shamsiqamar Mansurovalarning ibratli monologlari, taniqli san’atkorlardan Anvar G‘aniev, Abdullajon Rahimjonov, “Nihol” mukofoti sovrindori Feruz Normatov, Shamsuqamar Qulnazarova, Tohir Hamidovlarning dilgir qo‘shiqlari, shuningdek, iqtidorli shoira Gulchehra Ibragimova, Satira teatri aktyori Murod Nizamovlarning chiqishlari ijodiy uchrashuv va galakonsertlarning fayziga fayz qo‘shib turdi.
Xullas, biz denovliklar bilan tillashdik, aniqrog‘i, dillashdik. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan aholi barcha targ‘ibotchilarni chin dildan olqishlab ularni yoqtirib qolishdi. San’atkorlarning sho‘x qo‘shiqlariga raqsga tushayotgan yoshu keksa, nuroniy otaxonu-onaxonlarning, mahalla faollarining yuz-ko‘zlaridagi quvonch va nurni ko‘rish beixtiyor bizga ham kuch va ilhom bag‘ishladi. Ayniqsa mashhur san’atkorlar bilan birgalikda suratga tushish, targ‘ibotchilarning, ma’rifatparvar ziyolilarning kitoblarini dastxatlari bilan qabul qilish unutilmas onlarni baxsh etgani rost.
Surxondaryo viloyatining boshqa tumanlarida ham xuddi shunday ruhni, maroqli uchrashuvlarni kuzatish mumkin. Tadbirlar doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Kitob karvoni”, “Ma’naviyat festivali”, kitobxonlik bo‘yicha viktorinalar, ayniqsa “O‘zbekiston qahramonlari” nomli monumental kitob taqdimoti esda qolarlik darajada mazmundor yo‘sinda tashkil etildi.
Bu harakatlar, ma’rifiy maqsadlar chinakam ma’noda ma’naviyatning, ma’rifiy targ‘ibotning ta’sirchan mexanizmining turli shakl va uslublarini yaratish borasida bosh qotirish muhimligini talab etadi. Ana shundagina Prezidentimiz talab etayotgan sifat, samara va natijadorlikka erishishimiz mumkin.
Rahimboy Jumaniyozov
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti dotsenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi