TIQXMMI yangiliklari

img
29.08.2022

Yangi o‘quv yili oldidan

O‘quv yili yangi reja va topshiriqlar asosida boshlanishi maqsadga muvofiq. Yangi o‘quv yilining boshlanishidagi harakatlarimiz qanday yo‘sinda bo‘lishi zarurligi har bir jamoa a’zosining diqqat e’tiborida bo‘lishi kerak. Xuddi shu maqsadda "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universitetining rektori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovich rahbarligida yangi o‘quv yili oldidagi maqsad va  vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitetning prorektorlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari va boshqa mutasaddi xodimlar ishtirok etishdi.  Rektor barcha yig‘ilish ishtirokchilarini Davlatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan qizg‘in tabrikladi. Universitetning Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Ruzimurat Choriyev "Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" nomli bosh g‘oyaning ta’lim dargohimiz jamoasining ongu shuuriga singdirish va mustaqillik darslarini talaba hamda  magistrantlar bilan qanday yo‘sinda va qanday reja asosida ish olib borish zarurligi haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.

So‘ngra qabul natijalari va xodimlar tarkibi, dars taqsimotlari kabi masalalar xususida o‘zaro fikr almashindi.  Fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va bo‘lim boshliqlariga o‘z vazifalari nuqtai nazaridan Rektor tomonidan topshiriqlar berildi.  Asosiy maqsad o‘quv jarayoni va ish rejimi o‘ziga xos tartib, mas’uliyat va intizomga qurilishini tashkil etish ekanligi uqtirildi.

           Universitet matbuot xizmati