TIQXMMI yangiliklari

img
23.05.2022

“Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”

“Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari 18 - may kuni Nurafshon shahar Dehqonobod MFY da joylashgan 13-umumtaʼlim maktabiga har haftalik an'anaga aylangan navbatdagi tashrifini amalga oshirdilar. Tashrif davomida o‘qituvchilar tomonidan o‘tilayotgan darslar tahlil etildi. O‘quvchi yoshlar bilan davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida ularning  kasbga bo‘lgan qiziqishlari o‘rganilib universitetimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar to‘g‘risida taqdimot shaklida  axborot berildi. Davra suhbatida “Gidromelioratsiya” fakulteti “Meliorativ gidrogeologiya” yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Abilkasыmova Aynash iqtidorli talabalar bilan olib borilayotgan ilmiy ishlar, ishlanmalar, ular o‘rtasida tashkil etilgan tanlovlar, tanlov g‘oliblariga berilayotgan imkoniyatlar va mukofotlar to‘g‘risida ham batafsil maʼlumot berdi. Bundan tashqari universitetimizda adabiyotga alohida eʼtibor qaratilganligi va  universitetda O‘zbekiston Xalq qahramoni, shoir A. Oripovning ijodini abadiylashtirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgani haqida gapirib o‘tdi. Shu bilan birga A. Oripovning hayoti va ijodi haqida qiziqarli taqdimotni o‘quvchi yoshlarga yetkazdi.

Taqdimotdan so‘ng O‘zbekiston Xalq qahramoni shoir A.Oripovning ijodi yuzasidan viktorina o‘tkazilib, faol qatnashgan va savollarga to‘g‘ri javob bergan o‘quvchilarga hamda davra suhbatini tashkil etishda faol qatnashgan o‘qituvchilarga sovg‘a sifatida kitoblar taqdim etildi. Davra suhbati so‘nggida maktab o‘quvchilari tomonidan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetiga tashrif buyurib, oliygohdagi o‘quv jarayonlari, laboratoriya, fakultetlar va taʼlim yo‘nalishlari bilan tanishish istagi borligini bildirishdi. Yana shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki, ular universitetimizda A.Oripov xotirasiga tashkil etilgan muzey va bog‘ni ham ziyorat qilish niyatlari borligini ta'kidlab o‘tdilar.

Universitet matbuot xizmati