TIQXMMI yangiliklari

img
10.04.2022

 Salohiyatli sohibqironning siyosati

Har bir xalqning tarixiy taqdirida Alloh in'om etgan buyuk shaxslar bo‘ladiki, ular bilan avlodlar, xalqi faxrlanib yashaydi. Fan va madaniyatning tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimiz dunyo tamadduni taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganlar. Bu jarayon harb ilmida, harbiy sohada ham  o‘z aksini topgan. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temurning nomlarini butun dunyo biladi. Ularning jang taktikasi, mudofaa san'ati  hatto, xorijda ham alohida fan sifatida o‘qitiladi.

Markazlashgan davlat tuzib temuriylar sulolasining dong‘ini dunyoga taratgan sohibqiron Amir Temurning 686 yilligi mehnat jamoalari va ta'lim muassasalarida keng nishonlanmoqda.

Kuni kecha "TIQXMMI" milliy tadqiqot universitetining muhtasham madaniyat saroyida ana shu qutlug‘ sanaga bag‘ishlangan "Kuch adolatda"  deb nomlangan teatrlashtirilgan ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O’zbekiston xalq artisti Tesha Mo’minov, O’zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Oybek Xamroqulovlarning  ishtiroki, istaklari va chiqishlari davraga jon kiritdi. Jozibador kuy va qo‘shiqlarga  “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetining talaba qizlari xirom aylashdi. Ayniqsa, Muqimiy nomidagi O’zbekiston Davlat Musiqali va drama teatrining iste’dodli san’atkorlaridan Nurbek Mamatov hamda Muqaddas Mamadaliyevalarning musiqiy va nazmiy tabriklari e'tiborga molik bo‘ldi.  Shuningdek, “O‘zbek jang san’ati federatsiyasi” kursantlarining ko‘rgazmali chiqishi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Abdulla Qodiriy ijod maktabining iqtidorli o’quvchilari ishtirokida Amir Temur tuzuklari va Sohibqironni xotirlab ijodiy chiqishlar qilindi.

Toshkent shahar "Durdona" xalq etnografik - folklor jamoasi, badiiy rahbar Xalqaro Amir Temur mukofoti laureati Mahfuzaxon Boymirzayevalar ham o‘z san'atini namoyish qilishdi.

Tadbir "Besh tashabbus bizning universitetda" loyihasi doirasida oʻtkazildi. Universitetning iqtisodchi va iqtidorli talabalari Abdulla Oripov qalamiga mansub “Sohibqiron” dramasini mahorat bilan ijro qilishdi.

Shu o‘rinda alohida e'tirof etish joizki, universitet miqyosidagi ma'rifiy tadbirlarga mas'ul va ayni paytda Teatr truppasining rahbari, dotsent Nilufar Yuldashevaning fidoyiligi hamda jonbozligiga tahsin aytsak arziydi. Aktyor talabalarning liboslari va dekoratsiya g‘oyalari ularning sa'yi harakatlari bilan amalga oshirildi.

Tadbirning qiziqarli va jonli o‘tishida  fakultet dekani R.Xakimov va dekan muovini Jamshid Turdiyevlarning hissasini ta'kidlay turib, uning yuqori saviyada o‘tishida muhim va muqim o‘rin tutgan badiiy maslahatchi prorektor R.Choriyevning ham xizmatlari katta bo‘ldi.

Mazkur ma'rifiy tadbirni keng yoritishda "O'ZBEKISTON-24", "Toshkent" va "Mahalla" telekananallari  ham o‘z hissalarini qo‘shishdi. Buyuk sarkardaning qutlug‘ sanasiga bag‘ishlangan tadbirning maroqli tarzda o‘tganini hatto, diqqat bilan tomosha qilib o‘tirgan talabalar ota-onalarining mamnunligidan ham bilish mumkin edi.

Davra ahli tadbir orqali salohiyatli, sulhparvar sohibqironning siyosai va davri haqida atroflicha taassurotga ega bo‘lishdi desak, xato bo‘lmaydi.

 

      Universitet matbuot xizmati