TIQXMMI yangiliklari

img
30.03.2022

Talabalarga e'tibor - istiqbolga ishonch

Talabalarga e'tibor mamlakatning istiqboliga, boshqacha aytganda, Uchinchi Renessansning bunyodkorlariga eʼtibordir. Shunday ekan, ularning taʼlim olishi, yashash sharoiti, maʼnaviy dunyoqarashi, tafakkur olami doimo mamlakatning diqqat-eʼtiborida boʻlishi tabiiy. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti adminstratsiya rahbarining 2022-yil 9-martdagi topshirigʻi ham xuddi shu masala mohiyati bilan chambarchas bogʻliq. Bunyodkor yoshlar ilmu salohiyati mamlakatning ravnaqi va ertangi kuniga daxldor ekani yaxshi maʼlum. Shuning uchun ham Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2022 - yil 14-martdagi 94 - sonli talabalar turar joylarida ijtimoiy-manaviy muhit holatini oʻrganish va uning faoliyatini yanada samarali tashkil etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi ana shu faoliyatning, topshiriqlarining bevosita ijrosi oʻrnida ahamiyatlidir.

Talabalar turar joylarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitning qay tarzda ekanligi ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar qay yo‘sinda bolishi ayniqsa, talabalarning darsdan boʻsh vaqtlarini qay tarzda oʼtkazish kabi masalalar muhim vazifa sifatida jamiyat oldida, davlat oldida turgan muhim va dolzarb muammolardan biridir. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining buyruq'iga binoan amalga oshiriladigan ishlar qay yoʻsinda boʻlishi bu tashkillashtirish jarayonlari oʻz ifodasini topgan oliy taʼlim muassasalari talabalar turar joyini oʻrganish bo'yicha ishchi guruhi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi guruh tarkibi tuzilishi hamda joylarda oʻrganishni tashkil etish boʻyicha ishchi guruh aʼzolarining tarkibi, ayni paytda oʻrganish savolnomasi hamda talabalar turar joylarda yashovchi talabalar va ularning ota-onalaridan olinadigan so'rovnoma shakli ham maqsadga muvofiqdir. Vazir buyrugʻi asosida tuzilgan ishchi guruhning aʼzolari bugun "Toshkent irrigatsiya va qishloq xojaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetida boʻlishdi.

Ta'lim muassasamizga tashrif buyurgan Komissiya aʼzolarining tarkibi quyidagicha: Eshbekova Sanobar Omonqulovna (Jizzax politexnika instituti birinchi prorektori), Jahongir Ibragimov (Jizzax politexnika instituti boʻlim boshligʻi), Pardaboyev Abdukarim Ergashevich (Jizzax davlat pedagogika instituti boʻlim boshligʻi).

Ushbu tarkibdagi komissiya universitetimizdagi jarayonni to‘liq o‘rganish uchun bugun soat 18.00.dan o‘z ishini boshladi.

Universitetimizning birinchi prorektori Ruzimurot Choriyev komissiya a'zolariga tegishli joylarni ko‘zdan kechirishlari uchun yo‘l boshlovchilik qilib boshlab bordi va imkon yaratdi. Ishchi guruh a'zolari, dastavval, universitetimizning sport majmuasini borib ko‘rishdi. Qizg‘in tarzda o‘tayotgan qizlar o‘rtasidagi voleybol o‘yini va o‘g‘il bolalar orasida jonli tarzda kechayotgan minifutbol musobaqasini biroz tomosha qilishdi. So‘ngra talabalar yotoqxonalari tomon yo‘l olishdi. Talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga qaratilgan ma'naviyat xonasi, har xil mavzudagi qiziqarli kitoblar javoniga nazar tashlab mo‘jaz kutubxonani zimdan nazardan o‘tkazishdi. Ayni paytda saranjomu sarishta va tozalik gigiyenasi talablariga to‘la javob beradigan oshxonani, talabalar muzxonasini ko‘rib chiqishni ham e'tibordan soqit qilishmadi. Ish bilan bandlikka va kasb-hunarga yo‘naltirilgan talaba qizlarning bichish-tikish tsexiga hamda o‘g'il bolalar uchun mo‘ljallangan har bir qavatda bor bo‘lgan sartaroshxonaga ko‘rishdi. Shuningdek, talaba qizlar uchun mo‘ljallangan sartaroshxonadagi qizlarning soch turmaklashiyu manikyur qilishlarini ko‘rib hayratdan yoqa ushlashdi desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Yotoqxonadagi mebel va barcha jihozlar, ko‘rgazmalar ayricha did bilan bezatilgan bo‘lib kishining havasini keltirmasdan qolmasdi. Kechki ovqatdan so‘ng mutolaaga sho‘ng‘ib ketgan qizlar yoniga borib ularning qanday kitob mutolaa etayotganlari bilan qiziqishdi va ularga bir nechta savollar bilan murojaat etishdi. Talabalarning javoblaridan ko‘ngli to‘lgan ishchi guruh tarkibi a'zolari yotoqxonada mavjud bo‘lgan narsalar, diqqatga sazovor bir nechta ko‘rgazmali qurollar va ularga talabalarning munosabati bilan ham yaqindan tanishishni kanda qilishmadi.

Xullas, Milliy tadqiqot universitetimizga tashrif buyurgan ishchi guruh a'zolari o‘z vazifalari nuqtai nazaridan tegishli barcha jaryonlar bilan tanishish asnosida ko‘ngillari to‘lib, ijobiy fikrlar bilan Toshkent Moliya instituti tomon yo‘l olishdi. Komissiya talabalar uchun yaratilgan mavjud sharoitlar, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligi bilan bog‘liq haqiqiy holat bo‘yicha tahliliy hisobot tayyorlashni ertaga qoldirishdi.

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati