TIQXMMI yangiliklari

img
10.03.2022

Turkiyalik hamkorlar tashrifi

Taʼlim tizimidagi hamkorlik tabiiyki, oliy taʼlim muassasasining mavqei, tutgan nufuzi hamda imkoniyat doiralari bilan chambarchas bogʻliq.

Respublikamizdagi 120 ta oliygoh ichida birinchi oʻrinni tutgan va dunyo universitetlari orasida yuqori reyting koʻrsatkichiga ega boʻlgan “TIQXMMI” milliy tadqiqot universitetiga bugun Turkiyaning Dijle universiteti rektori, professor Mehmet Karakoch hamda xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi professor Faruk Gokchelar tashrif buyurishdi.

Ularni universitetimiz rektori, professor Bahodir Mirzayev va prorektorlar A. Salohiddinov, T. Sultonov hamda xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Sh.Rahmonovlar kutib olishdi.

B. Mirzayev Turkiyaning bir nechta universitetlari bilan hamkorlik qilinayotgani, hozirda ikki nafar turkiyalik talaba magistratura boʻlimida tahsil olayotgani haqida maʼlumot berib mehmonlarni universitet faoliyati aks etgan videorolikni koʻrishga taklif etdi.  

Dijle universiteti rektori 50 yillik tarixi bor boʻlgan oʻzi rahbarlik qilayotgan taʼlim dargohining klassik yoʻsindagi universitet ekanligini eʼtirof etdi. Taʼlim bilan bogʻliq hamkorlikni har tomonlama amalga oshirish, talaba va professor oʻqituvchilarni oʻzaro dars berish jarayonlaridagi hamjihatligi ikki tomonlama manfaatga qurilishi muqarrarligini qayd etdi. Jumladan, qoʻsh diplomli magistratura dasturini yoʻlga qoʻyish ham muhokama qilindi.

Doʻstona va ishchanlik ruhida oʻtgan rasmiy muloqot oʻzaro ikki tomonlama shartnoma tuzish rejasi bilan yakuniga yetdi.

Soʻngra mehmonlar universitetdagi Oʻzbekiston qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov nomi bilan bogʻlangan muzeyga boshlab borildi. Ular shoirga daxldor eksponatlarni koʻrib zavqqa toʻlib ketishdi.

Universitet matbuot xizmati