TIQXMMI yangiliklari

img
05.03.2022

Ilmiy-innovatsion laboratoriya ochildi

Bugungi davr g'oyalar va loyihalar orqali  amaliyotga o'tishni taqozo qilar ekan,  bu esa tabiiyki, mamlakatimiz taraqqiyotini belgilovchi omildir. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti”  Milliy tadqiqot universiteti bilan O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorlikda tashkil etilgan “Metrologiya va standartlashtirish” ilmiy innnovatsion laboratoriyasining rasmiy ochilishi buning isbotidir. Ilmiy - innovatsion laboratoriyaning ochilishi chinakam bayram tusini oldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu tadbirga universitet rektori, professor Bahodir Suyunovich Mirzayev moderatorlik qila turib ushbu harakat va tashabbusning ahamiyati haqida soʻz yuritdi. Soʻngra   O'zbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari Hakimov Rahimjon Rasulovich hamda O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Sattarov Dilshod Nigmatovichlarga oʻz fikrlarini bildirishlari uchun soʻz berdi. “O'zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi, “Standartlashtirish, sertifikatlash va texnik jihatdan tartibga solish” ilmiy-tadqiqot instituti hamkor sifatida kelgusidagi istiqbolli rejalarni moʻljallaganlari eʼtiborlidir. Shuni alohida eʼtirof etish zarurki, Oliy taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar bugungi kunga kelib oʻz samarasini bera boshladi. Kelajak uchun yetuk kadrlar tayyorlash maqsadida talaba yoshlarimizning zamonaviy bilimlar olishi uchun eng yaxshi sharoitlar yaratilib kelinmoqda jumladan, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash” fakultetida bu borada eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilib, sohaga  yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda moddiy texnik bazani mustahkamlash, innovatsion laboratoriyalarni tashkil etish hamda talabalarning ishlab chiqarish amaliyoti sohaning yetakchi tashkilotlarida oʻtkazib kelinmoqda. Bu loyihani amalga oshirilishiga 2021 - yil 12 - aprelda asos solingan boʻlib, universitet va “Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi” oʻrtasida tuzilgan loyiha qiymati qariyb 2.2 milliard soʻm boʻlgan memorandum asosida “Metrologiya va standartlashtirish” ilmiy-innovatsion laboratoriyasi tashkil etildi.Tashkil etilgan ilmiy-innovatsion laboratoriyaning vazifalari quyidagilardan iborat:

- metrologiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, biriktirilgan hududlarda va oʻlchash turlari boʻyicha oʻlchashlar birligi va ishonchliligini taʼminlash;

- yuqori aniqlikdagi chiquvchi va namunaviy oʻlchash vositalarini saqlash va tegishli darajada saqlab turish;

- davlat metrologiya xizmatini rivojlantirish;

- mavjud yuqori aniqlikdagi oʻlchash vositalari va usullarini takomillashtirish, yangilarini yaratish, oʻlchash, nazorat va sinash vositalarini standartlashtirish;

- oʻlchash vositalari turini tasdiqlash maqsadida davlat sinovlari boʻyicha ishlarni tashkil qilish;

- oʻlchash vositalarini metrologik attestatlash, qiyoslash va kalibrlash ishlarini tashkil qilish hisoblanib, mazkur bilimlarni oʻzlarida mujassam etadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun zamonaviy oʻquv bazasi boʻlib xizmat qiladi.

              Universitet matbuot xizmati