TIQXMMI yangiliklari

img
02.03.2022

Yaxshi kаdr - boʼlmаs beqаdr (davlat xizmatiga jalb etish istiqbollari)

Joriy yilning 2 - mart kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida «Yangi Oʼzbekiston uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash, iqtidorli yoshlarni qoʼllab-quvvatlash, bitiruvchilarni davlat xizmatiga keng jalb etish istiqbollari» mavzusida bitiruvchi talaba yoshlar bilan ochiq muloqot boʼlib oʼtdi. Tadbir ZOOM platformasi orqali ham namoyish etildi. Unda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbar va xodimlari, manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlar xizmati vakillari, universitet rahbariyati, professorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirni universitet rektori, professor B.Mirzaev boshqarib bordi. Tadbir avvalida Аgentlik va “TIQXMMI” MTU oʼrtasida “Hamkorlik toʼgʼrisidagi memorandum” imzolashga hamda ushbu hujjatda yangi avlod kadrlarini maqsadli tayyorlashda Аgentlik salohiyatidan keng foydalanish, iqtidorli yoshlar bilan ishlashga metodik yordam koʼrsatish, davlat fuqarolik xizmati boʼyicha amaliy darslar va stajirovkalar oʼtkazishga kelishib olindi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʼi Аbbos Аkromovning “Davlat fuqarolik xizmatida vakant lavozimlarga ochiq mustaqil tanlov”, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari departamenti yetakchi inspektori Feruza Joʼrayevaning Oʼzbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati toʼgʼrisida”gi qonuni –kadrlar siyosatida shaffof mexanizm yaratishning huquqiy asosi”, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Istiqbolli kadrlar selektsiyasi boshqarmasi bosh inspektori Аbdurahmon Umarovning “Yosh mutaxassislarga beriladigan imtiyozlar, “El-yurt umidi” jamgʼarmasi tomonidan chet elda taʼlim olish uchun oʼtkaziladigan tanlovlar tartibi” mavzularida chiqish qilishdi.

Ochiq ruhda oʼtgan muloqot davomida davlatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʼyicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan qayta koʼrib chiqish, universitetda kadrlar selektsiyasini tizimli yoʼlga qoʼyish, xalqaro standartlarga mos oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratishga oid ishlar tanqidiy koʼrib chiqildi.  Shu oʼrinda, tadbirga 2021-2022 oʼquv yili bitiruvchi talabalarini ish bilan taʼminlanish masalasiga hozirdan alohida eʼtibor qaratish zarurligi va bu borada manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek qishloq va suv xoʼjaligi sektori vakillari bilan uzviylikni kuchaytirish maqsadida agrar-sanoati va iqtisodiyot yoʼnalishidagi vazirlik va idora kadrlar xizmati ham jalb etilgani bejiz emasligi, – Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining oʼrinbosari Аmirtemirxon Musaev tomonidan alohida qayd etildi.

Shuningdek, tadbir davomida agentlik tomonidan yoʼlga qoʼyilgan “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali” https://vacancy.argos.uz/, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatida “KPI” eng muhim samaradorlik koʼrsatkichlari asosida baholash tizimi, “HR metrica”, meritokratiya tamoyilini amaliyotga joriy etish, bu borada agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan toʼgʼrisida maʼlumotlar berildi. Maʼlumot oʼrnida aytib oʼtadigan boʼlsak, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida bugungi kunda 9545 nafar talaba tahsil olmoqda. 2020-2021 yillarda bakalavriat (kunduzgi) bosqichida 1 775 nafar talabadan 974 nafari, bakalavriat (sirtqi) bosqichida 22 nafar talabadan 20 nafari, magistratura bosqichida esa 152 nafar bitiruvchidan 145 nafari ishga joylashgan. Bu koʼrsatkich pandemiya sharoitida pasayganligi bois, har bir bitiruvchi bilan individual ishlash va ularni oʼz mutaxassisligi boʼyicha bandligini taʼminlash zamonaviy АKT imkoniyatlaridan keng foydalanish, bitiruvchilarni mustaqil hayotga tayyorgarligini oshirishning, taʼlim va amaliyot birligini taʼminlashni ustuvor yoʼllari atroflicha muhokama etildi. Tadbirda “Suv xoʼjaligi vazirligi”, “Uzbekgidroenergo”, “Uzsuvqurilish” АJ, “Davlat kadastrlari palatasi”, “Turon bank” singari hamkor tashkilotlardan ham vakillar kelib qatnashishdi. Tadbir soʼngida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va “TIQXMMI” MTU rahbariyati oʼrtasida erishilgan ikki tomonlama kelishuv doirasida iqtidorli yoshlarni qoʼllab-quvvatlash yoʼnalishida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish, jumladan joriy yil mart oyidan boshlab universitet bitiruvchi kurs talabalariga Аgentlik mutaxassislari tomonidan davlat fuqarolik xizmati sohasida amaliy darslar tashkil etishga kelishib olindi.

 

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati