TIQXMMI yangiliklari

img
11.02.2022

“UCH AVLOD OLIMA AYOLLAR” 1-XALQARO ONLAYN FORUMI oʻtkazildi.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqotlar universitetida 11 fevral - “Xalqaro  ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni” munosabati bilan “UCH AVLOD OLIMA AYOLLAR” 1-XALQARO ONLAYN FORUMI oʻtkazildi. Unda hamkor tashkilotlar sifatida Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralar rahbarlari, Korrupsiyaga qarshi kurash,sud huquq masalalari qoʻmitasi, Britaniya kengashi, Ural Federal Esbatini universiteti, Janubiy Afrika universiteti, Sloveniyadagi Sifat Oliy taʼlim instituti, Janubiy Qozogʻiston davlat universiteti, Puchong Universiteti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, AQSHdagi Til mukammaligi va texnologiyalari Markazi,  Ukraina milliy Akademiyasi, Moskva Lingvistika universiteti, Mahalla va oila ilmiy tadqiqot institutidan vakillar ishtirok etishdi. Konferensiya oʻzbek, rus va ingliz tillarida ZOOM dasturi orqali olib borildi. Forumni universitet  prorektori  R.Choriyev kirish soʻzi bilan ochib berdi. Tadbirga Kasbiy rivojlantirish markazi treneri va katta oʻqituvchi Goʻzal Eshchanova moderatorlik qildi.  Xalqaro olima ayollar Forumi respublika va xorijdagi olima ayollarning taʼlim va ilm-fan  sohalaridagi tajriba va yutuqlari  bilan tanishish, ilmiy anʼanalari borasida fikr almashish, ayollar va yosh qizlarning salohiyatini ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb qilish, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini kengaytirish hamda ularni madaniyat-maʼrifat, siyosiy-iqtisodiy ishlardagi nufuzini yanada oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Xotin-qizlarning huquqlari va  ularning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan  “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” toʻgʻrisida rezolyutsiyada 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni deb belgilangan. Mamlakatimiz taʼlim tizimida ayol-qizlarning taʼlim olish huquqini toʻliq taʼminlash muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bugun ayollar taʼlim, madaniyat va ilm-fan sohasi rivojiga salmoqli ulush qoʻshmoqdalar. Xalqaro Forum mavzusiga nazar tashlasangiz, “Uch avlod olima ayollar” deb tanlanganligi bu aynan  universitetda faoliyat olib borayotgan olima ayollar faoliyatlariga yoʻnaltirilganligini his qilasiz. Uch avlod uchrashuvi sifatida qabul qilingan bugungi tadbir oʻtkazilgan tadbirlardan oʻzgachaligi bilan farq qiladi. Chunki bu aynan universitetda oʻz faoliyatlarini olib borayotgan “Ustoz-shogird” anʼanasini davom ettirib kelayotgan olima ayollarning uch avlodi uchrashuvidir.

Bugungi tadbirni tashkil etilganligi olima ayollarimizning uch avlodini siz bugungi qatnashayotgan xorijiy mutaxassislarimiz, Oʻzbekistonning taniqli olimalariga faoliyatlari nuqtai nazaridan tanishtirish va xalqaro va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Uch avlod olima ayollar” forumi sifatida oʻtkazish maqsad qilingan.  Hayotning past-u baland yoʻllarini bosib oʻtgan nuroniy ustozlar  tajribasi, oʻgiti yoshlar uchun ibrat maktabidir. Oʻtkazilinayotgan “Uch avlod” uchrashuvlari yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun masʼuliyatli boʻlishga undaydi. Bunday tadbirlar oʻtgan kunlarni xotirlash, bugungi oʻzgarishlarga shukronalar aytish, kelajak sari katta maqsadlar belgilab olishga xizmat qiladi. Taʼlim tizimidagi ustozlar faoliyatlariga  tomoshabin boʻlib emas, kamarbasta boʻlish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik bilan yashash yoshlarning burchidir. Koʻtarinki kayfiyat, nuroniy ustozlar bilan boʻlgan muloqotlar yoshlarga koʻp narsa beradi.

Xalqaro Forumda quyidagi masalalarga eʼtibor qaratildi:

Ilm – fan  taraqqiyoti, texnika va innovatsiyalar samaradorligini taʼminlashda olima ayollarning ishtiroki.

Yangilanayotgan Oʻzbekistonda  xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va amalga oshirilayotgan maʼnaviy - maʼrifiy islohotlar.

Taʼlim tizimini modernizatsiyalashda  xotin-qizlarning oʻz qobiliyatlari va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishning shart-sharoitlari.

Globallashuv sharoitida xotin-qizlarning intellektual salohiyatlarini yuksaltirishning zamonaviy muammolari.

Uch avlod uchrashuvi sifatida “Ustoz-shogird” anʼanasini davom ettirish va yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish. Yuqoridagi mavzular yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining maslahatchisi – p.f.d., professor Odina Jamolidinova, Ural federal universitetining oʻquv-ishlari boʻyicha prorektori Valentina Ovchinnikova, Prof. Doktor, VEGERA loyiha rahbari, Global oʻzgarishlarni boshqarish, Xalqaro magistratura dasturi rahbari, Yebersvalde Barqaror Rivojlanish Universitetidan germaniyalik mutaxassis Martin Velp, Yesvatini universiteti oʻqituvchisi, Janubiy Afrikalik Mandana Arfa, Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati, Korrupsiyaga qarshi kurash, sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi, dotsent Muxtabar Xusanova, professor Jamila Shermuxammedova, Mahalla va oila ilmiy tadqiqot instituti direktor oʻrinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Aynisa Musurmonova,  psixologiya fanlari doktori, Ukraina milliy pedagogika fanlari Akademiyasi, Pedagogika instituti katta ilmiy xodimi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi ilmiy-texnik kengashining aʼzosi Vera Chudakova, Indiana Universiteti Oʻqituvchilar malakasini oshirish va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha mutaxassis, dotsent Umida Hikmatilla (AQSʼH), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Saodat” jurnali bosh muharriri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Munavvara Usmonova, Janubiy Qozogʻiston Davlat universiteti dotsenti Shahlo Noraliyeva va boshqa mutaxassislar oʻz fikr-mulohazalari bilan chiqishdi.

 

                   Universitet matbuot xizmati