TIQXMMI yangiliklari

img
02.02.2022

Erjan Kahyaning universitetimizga tashrifi

 Oliy ta'lim muassasalarining o‘zaro hamkorligi va tajriba almashishi ta'lim tizimidagi taraqqiyotni belgilovchi omildir. Yaqinda Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan ta'lim islohotlari bilan bog‘liq videoselektorda "Najot ta'limda, najot maktabda, najot bilimda" degan fikrni e'tirof etarkanlar, ta'limga e'tibor vatan taqdiriga daxldor ekanligini yana bir bor uqtirganlari sir emas.  Ikkala ta'lim muassasasi rektorlarining muloqotida yuqoridagi mulohazalarning ifodasini ko‘rish mumkin. Kecha Toshkent arxitektura-qurilish instituti rektori  Erjan Kahya universitetimizga tashrif buyurdi. Uni "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universiteti rektori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovich kutib oldi.

Mehmon dastavval, O'zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovga bag‘ishlangan muzey bilan yaqindan tanishdi. So‘ngra ular o‘rtasida hamkorlik yo‘nalishlari borasida samimiy va do‘stona suhbat bo‘lib o‘tdi. Universitetimiz tashkil etilgani bilan Turkiya davlatining mustaqilligiga 100 yil to‘lgani orasidagi muvofiqlik ta'kidlandi. B.Mirzayev universitetimiz tarixi haqida so‘z yuritarkan, sobiq ittifoq paytida 50 dan ziyod davlatdan talabalar kelib tahsil olgani, bugungi kunda Universitetimizning milliy va xalqaro reytingda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani, endilikda Global reyting bo‘yicha hujjatlar hozirlangani xususida ma'lumot berdi. Shuningdek, 22 ta loyiha tayyorlangan bo‘lib, ulardan 3 tasi ilmiy, 19 tasi esa ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha ekanini e'tirof etdi. Bu ayni paytda atrof -muhit,  ekologiya masalalari yuzasidan mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishini ta'kidladi.

 

Erjan Kahya janoblari Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetining aynan Suv resurslarini loyihalash mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgani uchun ham irrigatsiya tizimiga yaqinligi nuqtai nazaridan suhbat ancha jonli tarzda kechdi. Erjan Kahya ta'lim dargohimizga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilishida Gollandiya, Turkiya kabi davlatlarning tajribalarini o‘rganilgani hamda  aniq fanlar bo‘yicha 6 ta ilmiy laboratoriya ochilganini eshitib hayratlandi va mamnun bo‘ldi. Ayniqsa, universitetda bu yil IT park ochilishi va to‘liq raqamli universitetga aylantirish borasidagi harakatlarimizda omad va muvaffaqiyatlar tiladi. Har ikkala rektor kelgusidagi hamkorlik rejalarini o‘zaro kelishib olishdi.

 



"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti  matbuot xizmati