Universitet vakili O’zbekiston nomidan Bishkekdagi xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi
Qirg’iziston Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida joylashgan I.Razzakov nomidagi Qirg’iz davlat texnika universitetida joriy yilning 29-may kuni “Eurasia-Pacific Uninet” tashkilotining mintaqaviy uchrashuvi, shuningdek, 30-maydan 1-iyungacha Geoinformatika bo’yicha GISCA2024 Xalqaro konferensiyasi tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Xalqaro reyting bo’limi boshlig’i Ilxom Abduraxmanov O’zbekistondan yagona vakil sifatida ishtirok etdi.
Ushbu safardan ko’zlangan asosiy maqsad – Eurasia-Pacific Uninet tashkilotiga a'zo OTM va tashkilotlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va yanada rivojlantirish, ular bilan hamkorlikda xalqaro loyihalarni amalga oshirish, GISCA2024 Xalqaro konferensiyasi ishtirokchilari bilan o’zaro tajriba almashishdan iborat bo’ldi.
“Eurasia-Pacific Uninet” (EPU) tashkiloti Avstriya universitetlari bilan Sharqiy Osiyo, Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi amaliy fanlar universitetlari, shuningdek, boshqa tadqiqot institutlari va aʼzo muassasalar oʻrtasida aloqa va ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyuvchi tarmoq hisoblanadi. EPU tashkiloti stipendiya va grantlar taklif qiladi, aʼzo universitetlar oʻrtasida yozgi maktablar va loyihalarni tashkil qiladi, muntazam ravishda yalpi majlislar oʻtkazadi va qoʻshma ilmiy markazlar va maktablar tashkil etish orqali ilmiy almashinuvni qo’llab-quvvatlaydi.
GISCA2024 Xalqaro konferensiyasi so’nggida Ilxom Abduraxmanov mazkur konferensiya tashabbuskori, Zalsburgdagi Paris-Lodron universiteti professori Jozef Shtroblga va konferensiya tashkilotchisi, I.Razzakov nomidagi Qirg’iz davlat texnika universiteti Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori, professor Akilbek Chimirovga “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti rahbariyati va jamoasi nomidan minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, konferensiya ishtirokchilarini joriy yilning 19-20 noyabr kunlari “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida tashkil etiladigan GI2024 Xalqaro konferensiyasida ishtirok etishga taklif etdi.
Universitet matbuot xizmati