TIQXMMI yangiliklari

img
20.12.2021

“Yoshlar haftaligi” g‘oliblari taqdirlandi

Yoshlar – mamlakat tayanchi, millatning ertasidir. Darhaqiqat, mamlakatimiz yoshlarining har tomonlama yuksak salohiyatli inson bo‘lib kamol topishi yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tizimli islohotlarning ijobiy natijasi va yoshlarga oid davlat siyosatining samarasini bugungi kun yoshlarining jamiyatda munosib o‘rin egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va erishayotgan yutuqlarida ko‘rishimiz mumkin. Ular kreativ g‘oyalari, betakror loyihalari va aniq maqsadlari bilan mamlakat taraqqiyotida, ko‘zlangan islohotlarda tashabbus ko‘rsatib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Avval xabar berganimizdek, universitet Yoshlar Kengashining faol yigitlari va qizlari talabalar uchun “Yoshlar haftaligi-2021” dasturini tashkil etishgan edi. 18-dekabr sanasida tashkil etilgan keng miqyosdagi taqdirlash marosimi bilan ushbu dasturga to‘liq yakun yasadi. Taqdirlash marosimida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor R.Choriyev, Xotin-qizlar masalalari maslahat kengashi raisi Z.K.Ismailova, universitet kasaba uyushma qo‘mitasi raisi F.Irisov, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda Yoshlar haftaligida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yuzlab yoshlar ishtirok etishdi.

Tadqirlash marosimiga universitet matbuot xizmati rahbari R.Jumaniyozov moderatorlik qilib, dastlab marosimni ochib berish uchun Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor R.Choriyevni mikrofon qarshisiga taklif etdi. So‘ngra haftalikning amaliy ifodasi aks etgan videorolik yig‘ilganlarga namoyish etildi. Shundan so‘ng g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalarni e’lon qilish uchun navbat universitet Yoshlar yetakchisining birinchi o‘rinbosari A.Hasanovga berildi. Diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari birin-ketin Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, Xotin qizlar masalalari maslahat kengashi raisi, universitet kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, fakultet dekanlari hamda universitet Yoshlar yetakchisi tomonidan g‘olib talabalarga topshirildi. Shuningdek, har bir fakultetdan faol talabalar ham rag‘batlantirildi. Yakunda esa universitet Yoshlar yetakchisi D.Rasulov “Yoshlar haftaligi-2021” dasturini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan universitet rahbariyatiga, fakultet dekanlari, barcha bo‘lim boshliqlari, talabalar turar joyi rahbari hamda tarbiyachilariga va eng asosiysi haftalik davomida ishtirok etgan barcha talabalarga minnatdorchilik bildirdi.

TIQXMMI-MTU matbuot xizmati