Maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Matematika va Fizika” fanlaridan fan olimpiadasi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-sonli farmoni, 2020-yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4708-sonli, 2021-yil 19-martdagi “Fizika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5032-sonli qarorlariga muvofiq, respublika bo‘yicha ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, eng ilg‘or umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti tomonidan umumta’lim maktablarida “MATEMATIKA va FIZIKA” fanlaridan fan olimpiadasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu belgilangan vazifalar ijrosini bajarish maqsadida joriy yil 19-aprel kuni universitet jamoasi Toshkent viloyatining so‘lim go‘shasi bo‘lmish Parkent tumanidagi 3-umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida “MATEMATIKA va FIZIKA” fanlaridan fan olimpiadasi o‘tkazishdi. Fan olimpiadalari test shaklida 30 ta savol, 25 ta test, 5 ta yozma masala shaklida tashkil etildi.
O‘tkazilgan fan olimpiadasida maktabning 48 nafar bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Olimpiadani o‘tkazish doirasida maktab o‘quchilariga universitet haqida ma’lumotlar berilib, universitetda talabalar uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra maktabda o‘tkazilgan olimpiadada eng yuqori natijaga erishgan 3 nafar o‘quvchilar, 1-o‘rin Xoshimov Ilhom, 2-o‘rin Po‘latov Adxam, 3-o‘rin Abdujamilov Umarxo‘jalar g‘olib deb topildi va ularga universitet rektori tomonidan imzolangan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz bu kabi olimpiadalar respublikada mavjud ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, eng ilg‘or boshqa umumta’lim maktablarida ham o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib bosqichma bosqich tashkil etib boriladi.
Iqtidorli talabalar bo‘limi axboroti