TIQXMMI yangiliklari

img
18.12.2021

Korrupsiya - taraqqiyot kushandasi

TIQXMMI-Milliy tadqiqot universitetida "Korruptsiyaga qarshi harakatlar va kurash" mavzusida huquqiy-maʼnaviy tadbir boʼlib oʼtdi. Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Birinchi oʼrinbosari Artikova Svetlana Boymurzaevna tomonidan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 24-noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2016-yil 13-dekabrda maʼqullangan va 2017 - yil 3 - yanvar kuni qabul qilingan «Korrupsiyaga qarshi kurash toʼgʼrisida»gi Qonunning mazmun va mohiyati hayotiy tamoyillar asosida tushuntirib berildi. Unda korrupsiyaga qarshi kurashish boʼyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash, korrupsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash, hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish kabi masalalar qayd qilingan.

Bu borada ham taʼlim muassasamizda ibratli va amaliy ishlar hal etilgani borasida Universitetning birinchi prorektori B.S.Mirzayev quyidagilarni eʼtirof etdi: Maʼlumki, universitetimizda ham «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida bu illatga qarshi har bir rahbar, professor-oʼqituvchi va xodimlar tomonidan ayovsiz kurash olib borilmoqda. Talaba-yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy taʼlim berish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar tatbiq etilib, oʼquv dasturlarimizda korruptsiyaga qarshi mavzular yanada kuchaytirildi.Nafaqat professor-oʼqituvchilar balki talaba-yoshlarning ham bu illatga qarshi shaxsiy javobgarligi oshirildi. Universitetda Korruptsiyaga qarshi kurashish va Komplayns – nazorat tizimini boshqarish boʼlimi tashkil etilgan boʼlib, bugungi kunda qonun va boshqa meʼyoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq, korruptsiogen xavf-xatarlar, manfaatlar toʼqnashuvini oʼz vaqtida aniqlash va chek qoʼyish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʼyicha amaliy ishlarni olib bormoqda.

Shu bilan birga, universitet mehnat jamoasi hamda talabalari oʼrtasida koʼplab profilaktik tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. STOPKORRUPSIYA botning tashkil etilgani ham bu borada ijobiy ahamiyat kasb etayotgani rost. Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Birinchi oʼrinbosari Artikova Svetlana Boymurzaevna korruptsiyaning tub ildizlari, uning paydo boʼlishiga daxldor omillar, unga qarshi kurashning yoʼllari xususida samimiy suhbat tarzida tadbirni davom ettirdi. Korruptsiyaga qarshi kurash jazoni kuchaytirish bilan emas, balki hayotni yaxshilash, toʼliq farovonlikka erishish uchun oqilona tizim zarurligini eʼtirof etdi.  Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi obroʼ-eʼtiborini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini yana bir bor taʼkidladi. Tadbir koʼtarinki ruhda, qizgʼin savol-javoblar tarzida oʼtdi. Universitetimiz professor-oʼqituvchilari va yoshlari tomonidan berilgan savollarga Svetlana Artikova aniq va loʼnda javob berdi.

 

            TIQXMMI MTU matbuot xizmati