TIQXMMI yangiliklari

img
18.03.2024

22 mart –“Butunjahon suv kuni”

Suv hayotning eng muhim elementi, mavjudligimizning mohiyatidir. Suv bizning tomirlarimizdan oqib o‘tadi, tabiatimiz, butun borliq, tirik jon borki suvsiz bir kun ham yashay olmaydi. Shunga qaramay, xozirgi globallashuv davrida suv bilan bog‘liq misli ko‘rilmagan muammolarga duch kelmoqdamiz. Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar toza ichimlik suvidan mahrum lekin, ko‘pchiligimiz buni oddiy hol deb bilamoqdamiz. Golobal isish, muzliklarning tobora kamayib borishi, atrof-muhit ifloslanishi va shu kabi ko‘plab omillar suv tanqisligi, suv zahiralarining tobora kamayib borishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holat o‘z-o‘zidan bugungi kunda suvga bo‘lgan munosabatimizni keskin o‘zgartirib, suv resurslarini tejash undan oqilona foydalanishimizni hayotning o‘zi talab qilmoqda.

Bugungi kunga kelib suv resurslarini ratsional boshqarish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash – dunyoda butun boshli mintaqalar va mamlakatlarning barqaror iqtisodiy taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etuvchi masalalardan biriga aylandi. Suv resurslariga bo‘lgan talab ortayotganligi bilan birga, suvning taqchilligi ham yildan yilga oshib bormoqda. Butunjahon suv kunining tarixiga bir oz nazar soladigan bo‘lsak, 1992-yilda Rio De Janeyroda o‘kazilgan BMTning «Atrof muhit va rivojlanish» konferensiyasida butun jahonda suv resurslari kunini nishonlash taklifi bildirilgan. BMT Bosh assambleyasi 1993 yili 22 fevralida (47/193 sonli) rezolyusiyani imzoladi va 22 mart kunini “Butunjahon suv kuni” deb e’lon qildi.

Joriy yilning 15-mart kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida 22 mart –“Butunjahon suv kuni”ga bag‘ishlab “Suv tinchlik uchun” shiori ostida tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa xalqaro tashkilotlar ishtirok etishdi. Ushbu kunni nishonlashdan asosiy maqsad, insoniyatni suvdan samarali foydalanish va uni asrash, suv resurslarini kelajak avlodga yaxshi holatda yetkazib berishdan iboratdir. Ushbu kun universitetda 2017-yildan buyon alohida e’tibor bilan yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

Shu munosabat bilan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda talabalar o‘rtasida bir nechta yo‘nalishda suv kuniga bag‘ishlangan tanlovlar tashkil etildi. Xususan:

  • Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi moliyalashtiradigan O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha milliy loyihasi doirasida “Suv tekin emas” shiori ostida video roliklar tanlovi;
  • AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning suv resurslari va atrof-muhit mintaqaviy loyihasi doirasida “Suv tinchlik uchun” shiori ostida viktorina musobaqasi hamda insholar tanlovi;
  • Smart Solutions System” MChJ tomonidan “Suv resurslarini boshqarish va hisobini raqamlashtirishda innovatsion texnika va texnologiyalar” mavzusida talabalar tomonidan tayyorlangan ishlanmalar ko‘rgazmasi tanlovlari tashkil etildi.

Ushbu tanlovlarda ishtirokchilar faol qatnashib suv resurslaridan oqilona va ehtiyotkorlik bilan foydalanish borasidagi o‘zlarining yangi innovatsion takliflari bilan ishtirok etib soha olimlari va mutaxassislar muhokamasidan o‘tkazib ijobiy natijalarga, sovrinli o‘rinlarga va eng asosiysi amaliyotga joriy etilish darajasigacha olib borishayotganligi quvonchli va ko‘zlangan maqsadning amalga oshayotganligidan dalolat beradi.

Mazkur o‘tkazilgan tanlovlarda eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan yosh olimlar, doktorantlar, talaba va magistrantlarga noutbuk, planshetlar, smartfon, smartvach hamda boshqa qimmatbaxo sovg‘alar taqdim etildi. Bugungi kunda butun dunyo kundan-kunga katta ishonch bilan tan olayotgan azaliy haqiqatni “Suv bu hayot” ekanligini yana bir isbotlamoqda. Undan oqilona foydalanish va ushbu bebaho boylikni asrab-avaylash esa oz kelajagimiz uchun amalga oshirayotgan eng ezgu amallarimizdan biri bolib qoladi.