TIQXMMI yangiliklari

img
16.12.2021

Sirtqi taʼlimda nazariya va amaliyot uygʼunligi

Sirtqi taʼlimda talabalar bevosita ishlab chiqarish tashkilotlarida faoliyat yuritayotganlari sababli darslarga boʼlgan talab va takliflari ham yanada masʼuliyatli. Joriy yilning 16-dekabr kuni TIQXMM-Milliy tadqiqot Universiteti va Gidrometeorologiya xizmati markazi oʼrtasilagi “Oʼzaro hamkorlik” dasturiga koʼra, Iqlim maʼlumotlarini olish jarayonini kuzatish hamda Suv kadastrini yuritilishi bilan yaqindan tanishish maqsadida OʼzGidrometda amaliyotda boʼldilar. 5+1 Ishlab chiqarish korxonalari va OTM oʼrtasidagi shartnoma asosida Gidrotexnika qurilishifakultetini Gidrotexnika qurilishi inshootlari va nasos stantsiyalaridan foydalanish yoʼnalishi talabalari Oʼzbekiston respublikasi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasiga bordilar. Injenerlik geodeziyasidan dots. O.Roʼziqulova boshchiligida Toshkent shahridagi mutlaq balandligi eng baland nuqta boʼlgan Toshkent observatoriyasi meteostantsiyasiga borib, tuproq namligi; havo harorati; qor, yomgʼir miqdorini oʼlchash; shamol yoʼnalishi va kuchini oʼlchash kabi meteorologik maʼlumotlar boʼyicha amaliy koʼnikmalarga ega boʼldilar. Ekskursiyadan koʼzlangan maqsad: iqlim va suv maʼlumotlarini toʼplash va tahlil qilish jarayonini meteostantsiyani oʼzida koʼrib, tushunchaga ega boʼlish hamda suv kadastrini yuritish jarayoni boʼyicha tushuncha va koʼrikmalarga ega boʼlish edi. Ekskursiya davomida gidrometeorolog Imomnazarov Farrux Saidjabbor oʼgʼli hamda Sidorova Svetlana Georgievnalar Toshkent observatoriyasi meteopostida iqlim maʼlumotlaridan: tuproq namligini 20, 30, 40, 80 smgacha va 3 metrgacha boʼlgan qismidan harorat oʼlchashni koʼrsatib oʼtdilar. Talabalarga yomgʼir va qor miqlorini oʼlchash asbobida ishlash boʼyicha tushunchalar berildi.  Havo va tuproq haroratini oʼlchash jarayonida eng past harorat, eng yuqori harorat va oʼrtacha haroratlar olish jarayonlari koʼrsatib oʼtildi.

Respublikada olib boriladigan Suv kadastriga doir maʼlumotlarni olish jarayoni bilan Gidrologik kuzatuvlar tarmogʼi boʼlimi boshligʼi G.Hamdamova gidropostlarda olib boriladigan suvlarni oqim moduli, oqish tezligi, granulometrik tarkibi, oʼrtacha oqib oʼtgan suvlar, kunlik, oylik va yillik suv maʼlumotlarini olish jarayoni yuzasidan tushunchalar berdilar. Talabalar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Jumladan, suv kadastrini yuritishda masofadan zondlash va Geografik axborot tizimlarini qoʼllash boʼyicha olib borilayotgan ishlar katta qiziqish uygʼotdi. Shu bilan birga Suv kadastrini yuritish jarayoni talabalarda katta qiziqish uygʼotdi. Gidrotexnika inshootlari va nasos stantsiyalaridan foydalanish taʼlim yoʼnalishi talabalari boʼlganliklari va bevosita ishlab chtqarishda faoliyat yuritayotganliklari sababli, joylardagi masalalar yuzasidan qizgʼin savol-javoblar bilan jonli muloqot tariqasida oʼtdi. Talabalar Uzgidromet xodimlariga ekskursiya uchun minnatdorchilik bildirdilar. Hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Sirtqi taʼlimda nazariya va amaliyot uygʼunligi tez kunlarda ijobiy samaralar berishiga ishonamiz.

 

                       "Geodeziya va geoinformatika" kafedrasi dotsenti O.Roʼziqulova axboroti

                          TIQXMMI MTU Matbuot xizmati