Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Keyingi yillarda cheklangan suv zaxiralaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlari biofondini tiklash, sho‘rlangan va eroziyaga uchragan maydonlarni qayta foydalanishga kiritish, ekotizimlar biologik xilma-xilligini saqlab qolish, “yashil energetika” va agrotexnologiyalar kabi muhim yo‘nalishlarda ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar transferini samarali yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda.
Bunday dolzarb global muammolarni yechish uchun investitsiyalar va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ilmiy salohiyatni yangi bosqichga ko‘tarish hamda ishlanmalarni amaliyotda qo‘llashga qodir bo‘lgan muhandislarni tayyorlash masalalari ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Respublikada innovatsion ta’lim va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish, ta’lim va ishlab chiqarishni uzviy bog‘lash, oliy ta’lim muassasalari faoliyat yo‘nalishlarini tubdan takomillashtirish, ularning xalqaro nufuzini oshirish, samarali boshqaruv tizimini tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF-5847-son farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil ta’minlash maqsadida:
1. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) deb qayta nomlansin.
2. Quyidagilar Universitetning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
gidroenergetika, irrigatsiya tizimlarini boshqarish, suv xo‘jaligi ob’ektlari qurilishi, kadastr va geoinformatika, “yashil iqtisodiyot”, “yashil energetika”, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, raqamli texnologiyalar tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli muhandis kadrlarni tayyorlash;
sug‘orish tizimlari samaradorligini oshirish, tejamkor sug‘orish texnologiyalarini yaratish, “raqamli qishloq xo‘jaligi” va geoaxborot tizimlari asosida yerlarning meliorativ holatini baholashni yo‘lga qo‘yish hamda tuproq unumdorligini oshirishning takomillashgan usullarini ishlab chiqish;
zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish va ularning transferi bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, suv resurslarini hisobga olish va boshqarish tizimini takomillashtirish, gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish va foydalanishni raqamlashtirish borasida ilmiy yechimlarni ishlab chiqish;
ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish;
o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, ta’lim va tadqiqotni uyg‘unlashtirish orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun eng ilg‘or innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish;
tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
Belgilansinki, Universitet gidroenergetika, irrigatsiya, melioratsiya, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalar, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, geodeziya va geoinformatika, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
3. Universitet faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqaruv kengashi (keyingi o‘rinlarda – Boshqaruv kengashi) tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Boshqaruv kengashiga (S.U.Umurzakov):
a) quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Universitetning moliyaviy yil uchun mo‘ljallangan biznes-rejasini, uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturini, daromad va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash hamda ularning ijrosini muhokama qilish;
Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy maktablarni rivojlantirish;
qishloq va suv xo‘jaligi texnologiyalari yo‘nalishida ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorlikni o‘rnatish;
ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, startap va akselerator faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish;
ta’lim va tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb etish, yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali aloqalarni o‘rnatish;
b) quyidagi vakolatlar berilsin:
iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish, shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul parametrlarini belgilash;
o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilash;
Universitet va uning tasarrufidagi ta’lim tashkilotlari tuzilmalarini tasdiqlash;
Universitetning tashkiliy tuzilmasiga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan yangi lavozim va tarkibiy bo‘linmalar hamda qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish.
4. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining Universitetda Transformatsiya ofisini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Transformatsiya ofisi quyidagilar uchun mas’ul etib belgilansin:
Universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish hamda 2025 yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritish;
Universitetni tanitish bo‘yicha milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet tarmog‘i va boshqa vositalar orqali targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish va reklama qilish;
Universitetdagi turli hisobot va ma’lumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashda qog‘oz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimi va o‘quv jarayonlari, kutubxona va hujjatlar aylanmasini raqamlashtiruvchi “Raqamli Universitet” platformasiga to‘liq o‘tishini ta’minlash.
Belgilansinki, Transformatsiya ofisi rahbari lavozimi, mehnatga haq to‘lash shartlari va miqdorlari bo‘yicha Universitet prorektoriga tenglashtiriladi.
5. Universitetga 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab quyidagi vakolatlar berilsin:
a) akademik mustaqillik sohasida:
o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, ta’lim tilini hamda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim olish shaklini belgilash;
ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar tuzish va ularning tarkibini tasdiqlash;
tegishli ixtisosliklarda ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish hamda respublikadagi boshqa oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan ilmiy unvon va ilmiy daрaжaлaрни tan olish, shuningdek, doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash;
ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar uchun ta’lim davomiyligi muddatlarini belgilash;
doktoranturada to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymatini belgilash, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qo‘shimcha ravishda talabgorlarni qabul qilish;
magistratura bosqichida ta’limning sirtqi, masofaviy va kechki shakllarini joriy etish, shuningdek, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘sh malakalar hamda kasbiy malakalar berish tizimini joriy qilish;
o‘zaro kelishuvlar asosida oliy ta’lim muassasalari bilan ichki akademik mobillikni amalga oshirish;
Universitet va uning tasarrufidagi ta’lim muassasalari uchun o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish;
ta’lim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish;
b) tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida:
faoliyatining asosiy yo‘nalishi ta’lim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish;
pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash;
xorijiy davlat fuqarolarini to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish va masofaviy ta’lim olish shaklida o‘qitishni tashkil etish.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan vakolatlar Universitet tomonidan mustaqil ravishda qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligining Universitetni 2022 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda, Universitetga o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilgan oliy ta’lim muassasalari uchun berilgan barcha vakolat va huquqlar tatbiq etiladi.
7. Quyidagilar:
2025 yilga qadar “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining xalqaro nufuzini oshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar 3-ilovaga muvofiq;
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti mutaxassislik kafedralarini ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxonalari, tashkilotlari va muassasalarga biriktirish jadvali 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining quyidagi takliflari ma’qullansin:
Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga ega Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutini tashkil etish;
Universitetning Buxoro filiali negizida Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutiни tashkil etish;
Universitetning Qarshi filiali negizida Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutiни tashkil etish.
9. Belgilansinki:
Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutining joriy faoliyati, bino va inshootlardan foydalanish, xodimlar mehnatiga haq to‘lash (ilmiy xodimlardan tashqari) bo‘yicha xarajatlarini moliyalashtirish Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti hamda Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti Universitet huzurida faoliyat yuritadi;
Universitetning Buxoro va Qarshi filiallari talabalari tahsil olayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishni mos ravishda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti hamda Qarshi irrigatsiya
va agrotexnologiyalar institutida davom ettiradi;
Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti hamda Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti taalluqliligi bo‘yicha Universitetning Buxoro va Qarshi filiallarining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi hamda filiallarning mol-mulki va boshqa asosiy vositalari tegishli ravishda yangi tashkil etilayotgan institutlarga o‘tkaziladi.
10. Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
mintaqada mavjud suv resurslarini inobatga olgan holda hududlar kesimida suvdan foydalanish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan tadqiqotlar o‘tkazish;
geoaxborot texnologiyalari asosida yerlarning meliorativ holatini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish, tuproq unumdorligini oshirishning yangi usullarini yaratish;
sun’iy intellekt va “aqlli texnologiyalar” bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish, mahalliy tuproq, ekin va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlariga moslashtirilgan agrotexnologiyalar yaratish;
o‘simliklar va ularning yashash muhitini, o‘simliklar tarkibidagi ozuqa moddalarining optimal darajasini, tuproqning makro va mikro elementlarini fizik-kimyoviy tahlil usullari asosida tadqiq etish;
“yashil iqtisodiyot”, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda resurstejamkor texnologiyalar bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirish va ishlanmalarni yaratish;
elektronika, mexatronika va robototexnika yo‘nalishidagi amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, kosmik apparatlar ma’lumotlarini qayta ishlash va tahlil qilish;
fizika yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental muammolarni o‘rganish, eksperimental ma’lumotlarni qayta ishlashning yangi modellari va usullarini ishlab chiqish.
11. Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani, Qori Niyoziy ko‘chasi, 39-uy, “A” binoga joylashtirilsin.
Belgilansinki, Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti binosini joriy ta’mirlash, unga tutash hududni obodonlashtirish, xizmat xonalarini mebel, kompyuter, tashkiliy texnika va inventar bilan jihozlash Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Suv xo‘jaligi vazirligini ma’muriy bino bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
12. Universitet faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin va uning moliyaviy manbalari etib quyidagilar belgilansin:
irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini tuziladigan shartnomalar asosida ilmiy-texnik jihatdan ta’minlash uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘larning 5 foizigacha bo‘lgan qismi;
iqtisodiyot tarmoqlarida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha o‘zaro kelishuv asosida ta’lim, kadrlar tayyorlash, tadqiqot va texnologiyalar transferini rivojlantirish komponentlari mablag‘lari;
xorijiy investorlar bilan investitsiya kelishuvlarida nazarda tutilgan ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash va loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;
kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, qishloq, suv xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda jalb etiladigan donor tashkilotlarning grant mablag‘lari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Boshqaruv kengashiga Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibini belgilash vakolati berilsin.
13. Boshqaruv kengashi (S.U.Umurzakov):
a) ikki oy muddatda:
Boshqaruv kengashi faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin;
Transformatsiya ofisi rahbari lavozimiga yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida rahbarlik ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassisni jalb etsin;
Universitet kafedralarining ilmiy faoliyatini soha va tarmoqlar muammolarining yechimiga yo‘naltirish maqsadida zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarini inobatga olgan holda, ularni qaytadan tashkil etsin;
Universitetning ixtisoslashgan fakultet va kafedralarining mos yo‘nalishlari bo‘yicha yirik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘ysin;
Universitet rahbariyati, kafedralari va tarkibiy bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini hamda yuqori natijadorlikka erishganlarni rag‘batlantirib borish tizimini joriy qilsin;
b) Universitetni xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha maqsadli parametrlarga erishilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin;
v) o‘quv jarayoniga xorijiy professor-o‘qituvchilarni tanlov asosida jalb qilish hamda Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida oshirish choralarini ko‘rsin;
d) 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab suv xo‘jaligi ob’ektlari qurilishi, gidroenergetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va geoinformatika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha xorijiy davlatlarning nufuzli oliygohlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini hamda keng ko‘lamli fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish chorasini ko‘rsin;
g) 2023/2024 o‘quv yiliga qadar Universitet huzurida yangi sinov laboratoriyasi hamda qishloq va suv xo‘jaligi texnoparkini tashkil etsin va ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlasin.
14. Quyidagilar:
2022-2023 yillarda Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti ilmiy laboratoriyalari moddiy-texnika bazasini yaratish dasturi 6-ilovaga muvofiq;
2022-2024 yillarda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida amalga oshiriladigan qurilish hamda o‘quv-laboratoriyalar moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U.Umurzakov belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 10 dekabr
Manba: UZA.UZ