TIQXMMI yangiliklari

img
10.12.2021

“Ilhom buloqlari”ning ikkinchi to‘plami taqdimotida

Adabiyot va san’atni muqaddas tutgan xalqning tolei porloq, qalbi uyg‘oq bo‘ladi. SHuning uchun ham O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarkibida, Prezidentimiz rahnamoligida “Adiblar Xiyoboni”ning tashkil etilishi bejiz emas. Bugun Uyushmaning anjumanlar zalida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasining tashabbusi bilan o‘tkazilgan  institut  ijodkor talabalarining  “Ilhom buloqlari” to‘plamining taqdimoti ham xuddi shu maqsadga xizmat qilgani aniq. Mazkur taqdimotda shoirlar, olimlar, professor-o‘qituvchilar,talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

 

Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid boshqarib bordi. Abdulla Oripov ijodiyotining mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi o‘rni haqida so‘z yuritib, institutimiz jamoasining doimiy ravishda shoir ijodiyotini targ‘ib qilishdagi harakatiga tahsin aytdi. So‘ngra Institutimizning Birinchi prorektori Bahodir Suyunovich Mirzaevga so‘z navbatini berdi. Ular shoir ijodiyotini targ‘ibot qilish borasida sobiq rahbarimiz, marhum professor Umurzakov O‘ktam Pardayevich boshchiligida qilingan ishlar yanada yuksak darajada davom etayotgani borasida so‘z yuritdi. Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan adabiyotga ko‘rsatilayotgan e’tibor yoshlarimizni kitobxonlikka bo‘lgan mehrini yanada oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni kelajak egalari hisoblanmish yoshlarimizga bo‘lgan e’tibor g‘amxo‘rlik ekanini ta’kidladilar. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida asosan muhandislar va suv sohasidagi mutaxassislar tayyorlashga qaramasdan talabalarning orasida ijodga adabiyotga qiziquvchilar borligi va ularning orasidan professional ijodkorlar etishib chiqayotganligini ham alohida e’tirof etdi.


So‘ngra so‘z Uyushmaning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha rais o‘rinbosari Botirjon Ergashevga berildi. To‘plamdan o‘rin olgan she’rlar yosh ijodkorlarning keng tafakkuri va dunyoqarashi hamda iqtidorlarining ko‘zgusi ekanini aytib o‘tdi. Keyin iqtidorli ijodkor yoshlardan Nozima va Dilmurod Akbarov, Xudoynazarbek Shirinboevlar so‘zga chiqib o‘z dil so‘zlarini aytib ijod namunalaridan o‘qishdi. Tadbir davomida ulug‘ shoirimizning rafiqalari Hanifa aya institut rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirib adibning chop etilmagan asarlari bilan bog‘liq mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Institut professor-o‘qituvchilaridan yirik faylasuf olim Qiyomiddin Nazarov adib ijodiga doir chizgilar haqida fikr yuritdi.

 

So‘ngra tadbir davomida 8 nafar ijodkor talabaga Abdulla Oripov nomidagi stipendiya to‘g‘risidagi guvohnoma va faxriy yorliq, hamda kitoblar sovg‘a tariqasida tantanali ravishda topshirildi. Bu stipendiya prezidentning qarori bilan ta’sis etilgan bo‘lib institut tomonidan Abdulla Oripovning hayoti va ijodi keng o‘rganilib bugungi kungacha targ‘ib etib kelinmoqda. Mana shu ishlarning samarasi sifatida ta’sis etilgan stipendiya sovrindorlariga guvohnomalar topshirildi. Bu talabalar yil davomida Abdulla Oripov stipendiyasiga ham ega bo‘ldilar. Talaba yoshlarni adabiyotga, kitobsevarlikka bo‘lgan mehrini oshirish yuzasidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida ham fikr - mulohazalar bildirildi. Tadbirdan so’ng adib haykali poyiga gulchambarlar qo’yildi. Tadbir O‘zbekiston telekanallari,axborot dasturlari orqali yoritildi.

TIQXMMI   matbuot xizmati