Ajdodlar merosi- avlodlar ardog'ida
Joriy yilning 15 fevral kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti psixologi M.K.Muhammedova va “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti tyutori X.R.Saidovalar hamkorligida “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti 108-109-guruh talabalari bilan “D” korpus 101-xonada "Navoiy va Bobur kabi seving Vatanni" hamda "Mumtoz asarlar orqali qalbni asrash san'ati" mavzularida seminar trening tashkil etildi. Tadbir talabalarni yuksak ma'naviyatli, madaniyatli, Vatanga sadoqatli, mehr-oqibatli va teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalash hamda bugungi globallashuv davrida yoshlarni goh ko'ngilochar kompyuter o'yinlari, goh qiziqarli multfilmlar yoki sarguzashtnamo kitoblar shaklida kirib kelayotgan buhronlardan, dinu diyonatimiz, yashash tarzimiz, qarashlarimizga zid bo'lgan vahshiy g'oyalardan asrash maqsadida tashkil etildi.
Bugungi tadbir o'zbek mumtoz adabiyoti tarixidagi ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi orqali inson qalbini asrash borasida suhbat olib borildi. Qalbni qanday asrash mumkin?” Bu juda jiddiy savol. Psixologik nuqtai nazaridan yondashsak, yosh kitobxonlar va talabalar qalbini asrash yoki aniqrog'i, egallash uchun ularni mumtoz adabiyot namunalariga qiziqtirish kerak. Inson ongini asrash esa qalbni asrashdan boshlanadi. Buyuklardan biri aytganidek, qalb aynigan joyda butun vujud xastalikka yuz tutishi tabiiy. Xo'sh, qalbni qanday asrash mumkin? U ko'zga ko'rinmasa, shoirlar tasvirlab bergan mavhum suratlaridan boshqa shaklu shamoyili bo'lmasa? Bu o'rinda bizga boy adabiyotimiz, uning umrboqiy mavzulari, inson kamolotiga doir o'lmas asarlar yordamga keladi. Xususan, o'zbek mumtoz adabiyoti tarixidagi ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o'rganish orqali chinakam inson hayoti qanday bo'lishi kerakligi haqida yetarlicha tasavvurga ega bo'lish mumkin.
Navoiy va Bobur asarlarining tub mohiyatiga yetish uchun ularni tushunib o'qish kerak bo'ladi. Ko'rinib turibdiki, jarayon o'z-o'zidan mumtoz adabiyotni o'qib, o'rganish va uni mag'zini chaqish masalasiga borib taqaladi. Bugungi suhbat doirasida shu va shu kabi global mavzular to'g'risida qiziqarli suhbat olib borildi. Shundan so'ng talabalar shoirlar ijodidan namunalar o'qib, yig'ilish ishtirokchilariga o'z qalblarida Navoiy va Boburshohlarga nisbatan tug'yon urgan ehtiromlarini izhor etib o'tishdi. Yig'ilishda “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti tyutori X.R.Saidova ham talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ma'naviyatini yuksalishiga ta'sir etadigan fikr va mulohazalari bilan faol qatnashib, tadbirni ko'tarinki kayfiyatda o'tishiga sabab bo'ldi. O'tkazilgan tadbirdan barcha talabalar o'zlari uchun kerakli ma'lumotlarga ega bo'lishgan holda yig'ilish o'z poyoniga yetdi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova va “Gidrotexnika qurilish” fakulteti tyutori X.Saidovalar axboroti
“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati